Uzcard Humo tizimi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi

  • 13 aprel 2019, 12:00
  • 496
  • O‘zbekiston
  • Uzcard Humo tizimi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi
    Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YaUPM) ommaviy axborot vositalari orqali Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilariga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan bosh tortilgani hamda bir qator bank xodimlari tomonidan Humo to‘lov tizimining qiziqishlari targ‘ib etilgan holatlar qayd etilganini ma’lum qildi.

    Humo banklararo Milliy protsessing markazi (BMPM) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida tashkil etilib, hozirda mamlakat bo‘ylab terminal tarmoqni joriy etish ishlari olib borilmoqda. BMPM tizimini joriy etish ishlari davomida bank xodimlari tomonidan Humo BMPM faoliyati bilan bog‘liq ravishda Uzcard banklararo to‘lov tizimining faoliyati to‘xtatilishi borasida asossiz ma’lumotlar tarqatilishi kuzatildi, deyiladi Uzcard xabarida.

    Qayd etilishicha, Uzcard banklararo to‘lov tizimi 17 milliondan ortiq plastik kartalarga xizmat ko‘rsatmoqda hamda faol ishlamoqda. YaUPM huquqiy norma, normativ hujjat, dasturiy-texnik ishlanmalarga asoslangan holda tashkiliy-texnik infrastrukturaga muvofiq provayderlik vazifasini bajaradi. YaUPM hamda banklar o‘rtasidagi shartnomaga asosan, hamkorlar tomonidan tarqatilayotgan asossiz ma’lumotlar egasi javobgarlikka tortiladi.

    Bugungi kunga kelib, Uzcard banklararo to‘lov tizim ishtirokchilari tomonidan YaUPM hamda bank o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish so‘rovlari qayd etilmagan.

    Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari, jumladan, savdo-xizmat tashkilot vakillaridan quyida keltirilgan holatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi va huquq-tartibot organlariga murojaat etish so‘ralgan:

    – tijoriy banklar tomonidan Uzcard hisob terminallari majburiy tarzda qaytarib olinishi;
    – tijoriy banklar va savdo-xizmat tashkilotlari tomonidan Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
    – bank xodimlari tomonidan amaldagi Uzcard plastik kartalarni Humo to‘lov tizimi kartalariga almashtirishga qaratilgan targ‘ibot;
    – Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish, jumladan, kartalardan naqd pulni yechib olishdan bosh tortish;
    – Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari orasida asossiz jamoatchilik fikrini va kompaniyaga tegishli salbiy imijni shakllantirishga tegishli noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilishi.

    Bildirilishicha, Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan 29 ta bankka 15 yil davomida protsessing xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Uzcard karta egasi 285 mingdan ortiq POS-terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniga ega. Mamlakat bo‘ylab 1500 dan ortiq bankomat va 3000 dan ortiq infokiosk, mobil ilova va internet saytlar orqali xizmat turlari amalga oshirib kelinmoqda.

    “Kompaniyamiz tomonidan UnionPayInternational va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari ekvayringi tashkil etildi. Shuningdek, Uzcard va Rossiya Federatsiyasining “Mir” to‘lov tizimi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Kelishuvga asosan, “Mir” to‘lov tizimiga tegishli plastik kartalar Uzcard to‘lov tizimi infrastrukturasida qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, ushbu jarayon 2019 yil yakunigacha amalga oshiriladi.

    Ta’kidlash joizki, shu kunlarda YaUPM hamda Visa xalqaro to‘lov tizimi ishtirokida “Uzcard terminal tarmog‘ida Visa kartalarining ekvayringini tashkil etish” loyihasi muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Unga ko‘ra, “Kapitalbank”ning POS va ATM terminallari Visa xalqaro kartalariga xizmat ko‘rsatishga tayyorlandi.

    Karta egalariga tegishli ma’lumotlar maxfiyligini saqlash maqsadida YaUPM tomonidan har yili PCI DSS va PIN SecurityRequirements 2.0. sertifikatlari yangilanadi. Jumladan, Visa PIN Security xavfsizlik standarti muvofiqligi bo‘yicha 33 ta majburiy talablar bajarildi.

    Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi kompaniyani rivojlantirish va davr talablariga hamnafas innovatsion yechimlarni tatbiq etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sektorida IT sohasini rivojlantirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida, tijoriy banklar, mobil to‘lov tizimlari operatorlari hamda boshqa naqd pulsiz hisob-kitoblar bozorining qatnashchilari hamkorligida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi”, - deyiladi Uzcard bayonotida.

    » » Uzcard Humo tizimi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi