Xorijdagi vatandoshlarga viza berish va propiska qilish bo‘yicha nizom tasdiqlandi

  • 19 aprel 2019, 14:10
  • 1 181
  • O‘zbekiston
  • Xorijdagi vatandoshlarga viza berish va propiska qilish bo‘yicha nizom tasdiqlandi
    Vazirlar Mahkamasining qarori bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish va ko‘p martalik kirish vizalarini berish xamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga ko‘ra, vatandoshlarni O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish uchun taklif qiluvchi doimiy istiqomat qiladigan joyidagi MvaFR bo‘linmasiga murojaat qilishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

    - belgilangan namunadagi 2 nusxada ariza-anketa;
    - taklif qiluvchining pasporti (nusxasi olinib, asli qaytarib beriladi);
    - vatandoshning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, harakatlanish hujjati va boshqalar) nusxasi;
    - taklif qiluvchining vatandosh bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh tuzilganligi va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi hujjatlar, nusxasi olinib, asli qaytarib beriladi);
    - agar vatandosh O‘zbekiston Respublikasiga oila a’zolari bilan birgalikda kelish niyatida bo‘lsa, ularning har birining shaxsini va qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlarining nusxalari;
    - taklif qiluvchining 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli ikki dona fotosurati;
    - davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya.

    MvaFR bo‘linmasi uch ish kuni mobaynida ariza-anketani va taqdim etilgan boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqadi, vatandoshning taklif qiluvchiga qarindoshlik darajasini o‘rganib chiqadi hamda vatandoshlar va taklif qiluvchining shaxsini ichki ishlar organlaridagi mavjud ma’lumotlar bazasi bo‘yicha tekshiradi.

    Ariza-anketa o‘rganib chiqilgach, agar vatandoshning O‘zbekiston Respublikasiga kelishiga ichki ishlar organlarida to‘sqinlik qiluvchi ma’lumotlar aniqlanmasa, ariza-anketaning bir nusxasini kelishish uchun vakolatli organga yuboriladi.

    Vakolatli organ bilan kelishilganidan va ijobiy qaror qabul qilinganidan so‘ng muvofiq shaklidagi taklifnoma to‘ldirilib MvaFRB bo‘linmasi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi va bevosita taklif qiluvchiga yoki uning ishonchli vakiliga beriladi.

    Vatandoshlarni taklif qilish haqidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati o‘n besh ish kunidan oshmasligi lozim.

    Taklifnoma berilgan kundan boshlab uch oy davomida amal qiladi. Taklif qiluvchi ushbu muddat mobaynida taklifnomani O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalariga kirish vizalarini rasmiylashtirish uchun taqdim etadi.

    Vatandoshlarning O‘zbekiston Respublikasiga ko‘p martalik kirish vizalari O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalari tomonidan, bunday konsullik muassasalari mavjud bo‘lmagan taqdirda esa - xalqaro maqomga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi aeroportlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bo‘linmalari tomonidan beriladi.

    Vatandoshlarga ko‘p martalik kirish vizalarini rasmiylashtirish uchun taklif etuvchi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilib quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    - belgilangan shaklda viza talabi;
    - e-visa.mfa.uz sayti orqali olingan elektron anketa;
    - MvaFR bo‘linmasi tomonidan berilgan taklifnoma;
    - taklif qilinuvchi vatandoshning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, harakatlanish hujjati va boshqalar) nusxasi;
    - taklif qiluvchining pasporti nusxasi;
    - kirish vizalari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida olinishi mo‘ljallangan holatlarda - aviachipta yoki bron nusxalari;
    - davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya.

    Taqdim etilgan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘rib chiqish muddati besh ish kunidan oshmasligi kerak.

    Murojaat ijobiy hal etilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari tomonidan amal qilish muddati ikki yil bo‘lgan ko‘p martalik “VTD” turdagi kirish vizasi rasmiylashtiriladi.

    Bunda vizaning amal qilish muddati taklif qilinayotgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatning amal qilish muddatidan oshmasligi lozim.

    Vatandoshlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha propiska qilish tartibi va barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo‘lishlari va tranzit o‘tishlari tartibi to‘g‘risida” 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son, “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2012 yil 16 fevraldagi 41-son, “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 28 avgustdagi PQ-3924-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarorlari bilan tartibga solinadi.

    O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan vatandoshlar o‘z xohishlariga ko‘ra mehmonxona, davolash muassasalari, sanatoriy va dam olish uylarida hisobdan o‘tgan holda vaqtincha bo‘lishlari yoki turgan joylarida vaqtinchalik propiskadan o‘tib hududiy ichki ishlar organlarida hisobda turib xususiy uy-joylarda yashashlari mumkin.

    Xususiy uy-joyda yashash istagini bildirgan vatandoshlarni vaqtincha propiskadan o‘tkazish uchun taklif qiluvchi o‘zi yashab turgan joydagi MvaFR bo‘linmasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
    - belgilangan shaklda ariza;
    - vatandoshning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasi (O‘zbekiston Respublikasi bilan vizasiz rejimi o‘rnatilgan MDHga a’zo davlatlar bundan mustasno);
    - vizasiz rejimi o‘rnatilgan MDHga a’zo davlatlardan kelgan vatandoshlarning taklif qiluvchi bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh tuzilganligi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi hujjatlar nusxasi olinib asli qaytarib beriladi);
    - uy-joy mulkdori (mulkdorlari)ning vaqtincha turar joy maydoni berishga roziligi to‘g‘risidagi arizasi yoxud notarial tasdiqlangan arizasi - agar shaxsan o‘zi berish imkoni mavjud bo‘lmasa;
    - davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

    MvaFR bo‘linmasi vaqtincha propiskaga topshirilgan vatandoshlarning hujjatlari haqiqiyligini, o‘z vaqtida topshirilganligini, arizadagi biografik va viza ma’lumotlarining to‘g‘ri yozilganligini tekshirishi lozim.

    Barcha tekshirishlar tugaganidan so‘ng ikki ish kunida MvaFR bo‘linmasi ikki yil muddatga vaqtincha propiskani rasmiylashtiradi.
    Bunda vaqtincha propiska muddati shaxsini tasdiqlovchi hujjat va viza muddatidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Xorijdagi vatandoshlarga viza berish va propiska qilish bo‘yicha nizom tasdiqlandi