16:16 / 20.04.2019
4 524

Prezidentlar Koreys madaniyati va san’ati uyining ochilish marosimida ishtirok etdi (foto)

Prezidentlar Koreys madaniyati va san’ati uyining ochilish marosimida ishtirok etdi (foto)
Toshkent shahrida 20 aprel kuni Koreys madaniyati va san’ati uyining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In rafiqalari bilan birgalikda ushbu do‘stlik va madaniyat saroyini ochdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Sahnada koreyslarning O‘zbekistonga ko‘chirib kelinishi, o‘zbek xalqi bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lumki, 1937 yilda Uzoq Sharqdan o‘n minglab koreyslar mamlakatga ko‘chirilgan. O‘sha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘zbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, ularga boshpana berib, mehr ko‘rsatgan. O‘zining mehnatsevarligi va qat’iy irodasi, xalqlarning mentaliteti o‘xshashligi tufayli koreyslar bu yerda ikkinchi Vatanini topdi. Ular O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga, jamiyatning faol a’zolariga aylandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugungi kunda O‘zbekistonda 180 mingdan ziyod koreys millatiga mansub yurtdoshlar yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini davlatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.

Davlat rahbarlari o‘zbekistonlik koreys rassomlari asarlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Koreys madaniyat va san’at uyi 478 o‘rinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni o‘z ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatlarni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezidentlar Koreys madaniyati va san’ati uyining ochilish marosimida ishtirok etdi (foto)