10:30 / 21.04.2019
4 149

Saida Mirziyoyeva maktablarni prezident tashabbuslari ijrosi o‘zagi sifatida belgilash haqida gapirdi

Saida Mirziyoyeva maktablarni prezident tashabbuslari ijrosi o‘zagi sifatida belgilash haqida gapirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti ilgari surgan 5ta tashabbus zamirida maktablarni madaniyat, ma’rifat, sport va kompyuter texnologiyalari o‘chog‘i sifatida belgilab olish maqsadga muvofiq bo‘lishini bildirdi. U bu haqda Feysbukdagi sahifasida yozib qoldirgan.

Mirziyoyevaning yozishicha, u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5ta tashabbusini Bo‘ka tumanida joriy qilish bo‘yicha respublika va tuman sektorlari ishchi guruhlari bilan birgalikda belgilangan ishlarni amalga oshirish jarayonida ishtirok etgan.

«Tumandagi «Bo‘ston» madaniyat markazi atrofida va 28-son umumta’lim maktabi o‘rnida o‘z ichiga 5ta tashabbusni mujassamlashtirgan kishloq ma’naviy ma’rifiy markazlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdim», deb yozadi u.

Qayd etilishicha, ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda olib borilayotgan ishlar natijadorligi va guruh oldida turgan vazifalarni atroflicha muhokama qilib, aniq va istiqbolli strategik reja ishlab chiqish to‘g‘risida kelishib olingan.

«Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosining o‘zagi sifatida men maktablarni belgilagan bo‘lar edim. Fikrimcha, aynan maktablarni 5ta tashabbus zamirida madaniyat, ma’rifat, sport va kompyuter texnologiyalari o‘chog‘i sifatida belgilab olsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deydi Saida Mirziyoyeva.

U shuningdek, bu borada jamoatchilikdan o‘z taklif va mulohazalarini berishini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’uldir.

Agentlik axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Saida Mirziyoyeva maktablarni prezident tashabbuslari ijrosi o‘zagi sifatida belgilash haqida gapirdi