14:56 / 22.04.2019
3 119

Adliya vazirligi sehr-joduga qarshi kurashish borasida bir qator takliflar ishlab chiqdi

Adliya vazirligi sehr-joduga qarshi kurashish borasida bir qator takliflar ishlab chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti Kun.uz saytida Latofat Bekbo‘tayeva muallifligida nashr qilingan «Sehr-joduga yuridik maqom berib bo‘ladimi?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Kun.uz internet nashrida e’lon qilingan folbinlik va sehr-joduning salbiy illatlari haqidagi maqolada haqiqatda ham hozirgi kunda muammoli masalalardan biri ko‘tarilgan bo‘lib, uni huquqiy tartibga solish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Maqolada ta’kidlab o‘tilganidek, hozirgi kunda folbin, sehrgar, ekstrasenslar va boshqa shu kabi shaxslar tomonidan inson va aholining ommaviy ongiga salbiy ta’sir o‘tkazish holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjati qabul qilinishi zarurati yuzaga kelmoqda.

Ayni paytda, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan bu borada o‘rganishlar olib borilgan bo‘lib, qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida tegishli takliflar ishlab chiqilgan. O‘rganishlar davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda sehr-joduning keng tarqalishi kuzatilmoqda. Mazkur holat jamiyatning madaniy-axloqiy qadriyatlariga zarar yetkazilishiga, oilalarning buzilishiga, shuningdek shaxslar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik aloqalari uzilishiga sabab bo‘lyapti. Buning oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan doimiy ravishda aholi o‘rtasida sehr-jodu amallari bilan shug‘ullanuvchilar xizmatidan foydalanmaslik to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, o‘tkazilgan tadbirlar doirasida Idora tomonidan 12ta maqola chop etilgan, 318ta davra suhbatlari va seminarlar tashkil etilgan.

Olib borilayotgan bu kabi ishlarga qaramasdan sehr-jodu qilish vaji bilan fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik qilinayotgan hollar uchrab turibdi. Joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida bunday holatlar yuzasidan 20 nafar shaxsga nisbatan 1ta holatda jinoyat ishi, 18ta holatda ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan. Moddiy zarar miqdori 22 mln. so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida 337ta sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi shaxslar mavjudligi aniqlangan, 2019 yil boshidan buyon ular faoliyati yuzasidan 115ta shikoyat kelib tushgan.

Xorijiy mamlakatlarda sehr-jodu amaliyotining qanday huquqiy tartibga solinganligini o‘rganish maqsadida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan 20dan ortiq davlat qonunchiligi tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida bir qancha mamlakatlarda (Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi, Uganda, Zambiya, Keniya) sehr-jodu bilan shug‘ullanish qonun bilan, arab mamlakatlarida esa shariat qoidalari bilan taqiqlangan. Yana bir qator mamlakatlarda (Vetnam, Tojikiston, Kot-d’Ivuar va boshqa davlatlar) sehr-jodu bilan shug‘ullanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, ayrim mamlakatlarda bu faoliyatga tadbirkorlikning bir ko‘rinishi sifatida qaraladi.

Xalqimizning azaliy qadriyatlari, muqaddas dinimiz sehr-jodu bilan shug‘ullanishga tadbirkorlikning bir turi sifatida qarashga, shunday qabul qilishga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababdan, Institut mutaxassislari tomonidan sehr-joduga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimizning bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuniga sehr-jodu xususiyatiga ega bo‘lgan reklamalarni tarqatishni taqiqlovchi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga esa sehr-jodu bilan shug‘ullanganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Adliya vazirligi sehr-joduga qarshi kurashish borasida bir qator takliflar ishlab chiqdi