22:00 / 24.04.2019
4 104

Prezident qarori: 9 may kuni bayram salyuti otiladi, harbiy texnika namoyish etiladi

Prezident qarori: 9 may kuni bayram salyuti otiladi, harbiy texnika namoyish etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Qaror bilan 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi ma’qullandi. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruh (A.Aripov):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlaydi va joylarda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatadi;

Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillarini biriktirib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etadi;

yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Bayramga tayyorgarlik ko‘rish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘rsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq qilish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qiladi;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan biryo‘la to‘lanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshiradi;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qiladi;

Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan ketib g‘alabaga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan va urush qahramoni bo‘lgan faxriylar nomlarini abadiylashtirish maqsadida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan ko‘chalarga ularning nomlarini berish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriyalarga bepul yuborilishini tashkil etadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnika namoyishini tashkil etadi;

Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushiga aloqador arxivdan olingan foto va hujjatlar ko‘rgazmasini tashkil etadi;

G‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, kuch-quvvatini ayamagan har bir faxriy, har bir kishi xotirasi abadiylashtirilishini, ularga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda:

viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;

Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etadilar;

ko‘chalar va maydonlar Bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatilishini ta’minlaydilar.

Belgilab qo‘yilishicha, o‘tkaziladigan Bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy marosimlarga temir yo‘l yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
- Toshkent shahrida – O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2019 yil 9 may soat 21:00da Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyutini tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlaydilar.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori: 9 may kuni bayram salyuti otiladi, harbiy texnika namoyish etiladi