GM Uzbekistan va yana 9 ta kompaniyada monopoliyaga qarshi komplayens joriy etiladi

  • 25 aprel 2019, 13:33
  • 687
  • O‘zbekiston
  • GM Uzbekistan va yana 9 ta kompaniyada monopoliyaga qarshi komplayens joriy etiladi
    Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi. Unda aytilishicha, so‘nggi yillarda 1,4 mingdan ortiq raqobatga qarshi harakatlar aniqlandi, shundan 78 foizi davlat organlari va davlat ishtirokidagi kompaniyalarga to‘g‘ri keladi.

    Shu munosabat bilan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi xavfini oldini olish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish, biznesni halol yuritish uchun korporativ standartlarni oshirish vazifasi qo‘yilgan.

    Uni raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ichki ta’minlash tizimini (monopoliyaga qarshi komplayens – davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlovchi va uni tashkil qilish tizimiga qaratilgan yagona yondashuv) bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan hal qilish taklif etilmoqda:

    2020 yil 1 iyundan - davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun, ustav kapitalida davlatga tegishli bo‘lgan 50 yoki undan ortiq foiz aksiyalar holatida majburiy tartibda;

    2022 yil 1 yanvardan - xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar bilan bog‘liq yuridik shaxslar uchun, ustav kapitalida davlatga tegishli bo‘lgan 50 yoki undan ortiq foiz aksiyalar holatida, shuningdek ularning sho‘’ba korxonalariga majburiy tartibda.

    Xususiy kompaniyalarga esa monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish tavsiya etiladi.
    Ro‘yxatda hozircha 10 ta shirkat mavjud, ularda ushbu mexanizmni sinov rejimida 2020 yil 1 yanvarga qadar joriy etish taklif etilgan.

    Ro‘yxat:
    1. «Kvars» AJ
    2. «Asaka» ATB
    3. «GM Uzbekistan» AJ
    4. «Olmaliq TMK» AJ
    5. «O‘ztransgaz» AJ
    6. «O‘zpaxtasanoat» AJ
    7. «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ
    8. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ
    9. «Mintaqaviy elektr tarmoqlari» AJ
    10. «Qizilqumsement»

    Фикрлар

    » » GM Uzbekistan va yana 9 ta kompaniyada monopoliyaga qarshi komplayens joriy etiladi