Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga o‘xshatishyapti. O‘xshashlik nimada?

  • 27 aprel 2019, 21:58
  • 2 747
  • O‘zbekiston
  • Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga o‘xshatishyapti. O‘xshashlik nimada?
    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslashlar tobora ko‘proq uchramoqda. Avvalroq AQShda chop etiladigan Forbes jurnali, keyin "Rossiyskiy sovet po mejdunarodnыm delam", ana endi Xitoy parlamenti rahbari Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga taqqosladi. Bu o‘xshatishlar naqadar asosli?

    Den Syaopin o‘zi kim?
    1997 yilda vafot etgan Den Syaopin Xitoyning "buyuk yo‘lboshchisi" Mao Szedundan keyin mamlakatni boshqargan de-fakto ikkinchi rahbar. "De-fakto" deyilishining sababi Mao Szedun to‘satdan vafot etganidan keyin qisqa vaqt Xitoyni Xua Gofen boshqargan. Syaopin bilan Mirziyoyev o‘rtasidagi o‘xshashliklardan biri shu bo‘lsa kerak. Islom Karimovning o‘limidan ham keyin O‘zbekistonni qisqa vaqt Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev (rasman) boshqargan edi.

    Den Syaopin Xitoyni och va qashshoq mamlakatdan bir necha o‘n yil ichida dunyoning iqtisodiy yetakchisiga aylantirgan insondir. Xitoy tarixidagi ahamiyati bo‘yicha balki o‘zidan avval kelgan Mao Szedunga teng kelmasa ham, lekin Den Syaopinni XX asrdagi "Xitoy mo‘’jizasining arxitektori" deyishadi.

    ...birinchi o‘xshashlik: Shavkat Mirziyoyevga ham, Den Syaopinga ham o‘tmishdoshidan og‘ir meros qolgan
    Den Syaopinga Mao Szedundan o‘ta og‘ir ahvolga kelib qolgan Xitoy meros qolgan edi. Mao boshlab bergan 1960-yillardagi "katta sakrash" iqtisodiy siyosati Xitoyning sanoat bazasini kuchaytirish va iqtisodini ko‘tarish o‘rniga xitoyliklar uchun fojiaga aylandi. Kollektivlashtirish, professionallikni shijoat bilan almashtirish va qishloq xo‘jaligidagi yanglish qarorlar natijasida 20 mln.dan 40 mln.gacha xitoylik o‘lib ketdi.

    Ustiga ustak 1970-yillardagi g‘oyaviy "madaniy inqilob" nafaqat Maoning siyosiy muxolifatini yo‘q qildi, balki ziyolilar va jamoat tashkilotlari qatag‘oniga ham olib keldi, madaniyat va ta’limga ulkan putur yetkazdi, tashqi siyosatga ta’sir qildi. Den Syaopinning o‘zi ham "qayta tarbiyalanish" uchun qishloqqa oddiy ishchi qilib yuborilgan.

    Islom Karimov davrida nafaqat mintaqada, balki jahonda eng yopiq va sho‘ro uslubida boshqarilgan davlatga aylangan O‘zbekistondagi ahvol Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganda unchalik yaxshi bo‘lgan deb bo‘lmaydi.

    Iqtisodiy xatolar xususiy tadbirkorlik va xorijiy sarmoyalarni bo‘g‘ib qo‘ydi va O‘zbekistonning qo‘shnilari oldidagi raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qildi. Diniy siyosat ham jamiyatda taranglikni keltirib chiqarayotgan edi. Dunyoni boricha anglash o‘rniga qandaydir mavhum "ma’naviyat va ma’rifat" mafkuralari avjga chiqqan edi.

    ...ikkinchi o‘xshashlik: ikkisi ham iqtisodga asosiy urg‘uni beradigan pragmatik
    Hokimiyatga kelgach Den Syaopin "Xitoyga xos sotsializm" qurishni taklif etdi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishini boshlab berdi. Kommunistik partiya mafkurasiga sodiq qolgan holda u iqtisodiyotda davlatning ahamiyatini kamaytirdi, chet el investitsiyalariga yo‘l ochdi va zamonaviy infratuzilmaga katta mablag‘ tikdi. Buyuk yurtboshi Mao ishchi va dehqonlarni balandparvoz siyosiy shiorlar bilan ilhomlantirishni xush ko‘rgan bo‘lsa, Syaopin moddiy rag‘batlantirishni afzal bilgan. Mamlakatda dehqon kommunalari tarqatildi. Xitoy bozor munosabatlariga o‘tdi. Syaopin tez-tez qaytarib turadigan "Mushukning rangi qora yoki oq bo‘lishi ahamiyatsiz, sichqonni yaxshi tutsa bas" matali yangi siyosatning shioriga aylandi.

    Shavkat Mirziyoyevga yaqin hisoblangan O‘zbekiston Senati raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev intervyularidan birida yuqori iqtisodiy o‘sish va o‘zbek iqtisodining raqobatbardoshligini oshirish "O‘zbekiston rahbariyatining ustuvor vazifasi" etib belgilanganini aytgan edi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan 5 oy o‘tib, 5 yilda O‘zbekistonda siyosiy raqobatni, liberallashgan iqtisodni va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan harakatlar strategiyasini e’lon qildi, iqtisodiy liberalizatsiyaning muqaddimasi sifatida o‘zbek so‘mining (yarim)erkin konvertatsiyasini joriy etdi. Strategiyaning iqtisodni liberallashtirish qismida “prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish”, “iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish” belgilangan.

    ...uchinchi o‘xshashlik: ikkisi ham mamlakatini dunyoga ochdi
    Mao barchaga Xitoyni yopib, mamlakatning o‘z kuchiga suyanib rivojlanish siyosatini yuritgan bo‘lsa, Syaopin, aksincha, ochiqlik siyosatini e’lon qilgan. Syaopin shaxsan davlatma-davlat yurib, ehtimoliy investorlarni Xitoyga investitsiya kiritishga ko‘ndirgan.

    Xuddi shunday farq Islom Karimovning va Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi yondashuvida mavjud. Karimov davridagi "qamaldagi qal’a" falsafasi tark etilib, Mirziyoyev qo‘shni va dunyoning boshqa yirik mamlakatlari bilan aloqalarni sezilarli darajada yaxshiladi.

    O‘zbekiston qo‘shnilari bilan, ayniqsa Qirg‘iziston va Tojikiston kabi avvalgi yarim do‘st-dushmanlar bilan aloqalarini ancha yaxshiladi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi eng yirik muammolar – chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish hamda suv manbalaridan foydalanish tartibga solinmoqda.

    Den Syaopin kabi Shavkat Mirziyoyev nafaqat o‘zi har bir xorijiy safarida nufuzli biznesmenlar bilan uchrashadi, hozir hokimlardan ham investitsiyalarni "ov" qilishni topshirgan.

    ...to‘rtinchi o‘xshashlik: ikkisi ham o‘tmishdoshidan qolgan merosni tanqid qildi, lekin oxirigacha emas
    Hokimiyatga kelgach, Den Syaopin birinchi bo‘lib "Pekin bahori"ni – Mao Szedun boshlagan va mamlakatni halokat yoqasiga olib kelgan "madaniy inqilob"ni fosh etish kampaniyasini boshladi. "Madaniy inqilob"ning vahshiyligi va haddan oshishlarini tanqid qilishga rasman ruxsat etildi. Mao shaxsiga munosabat qanday bo‘lishi kerakligi masalasi ko‘tarildi. Ba’zi guruhlar Maoni fosh etishni, ba’zilar uning "qudsiyligini" saqlab qolishni xohlagan. Syaopin ikki tomonga ma’qul keladigan yechim topdi. Mao "millat otasi" sifatida qoldirildi, lekin u yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarga ko‘z yumilmadi, maoizm bekor qilindi, Mao davridagi haddan oshish va repressiyalar uning bevasi, kuyovi va ikki safdoshidan iborat "to‘rtlar to‘dasi"ning bo‘yniga qo‘yildi. Mao davrini eslaganda endi "70 foiz g‘alaba va 30 foiz xato" formulirovkasidan foydalanildi.

    Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarayotganda marhum prezident Islom Karimov yaratib bergan “nurli yo‘ldan” qaytmasligini bildirgan bo‘lsa-da, lekin oxirgi 2,5 yilda “kerak bo‘lsa stolba ham qamalib ketadigan” davrlarning ko‘p jihatlarini tanqid qilgan.

    "Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident Islom Karimov davrida nohaq qamalgan, burni qonagan, noqonuniy ishlarning qurboni bo‘lgan, diniy e’tiqodi uchun hibsga olingan necha minglab insonlar kutgan adolatni qaytardi, shu bois ham beqiyos siyosatchi sifatida xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga munosib ko‘rilmoqda", – deb aytiladi "Xabar.uz"da chop etilgan, muallifi noma’lum, lekin hukumat mulozimiga tegishli deb gumon qilinayotgan maqolada.
    "Forbes"ning qayd etishicha, "qayta qurish"ni boshlab bergan Mirziyoyev O‘zbekistonni sovet uslubida boshqargan Karimovning merosini tanqidlarga ochgan, lekin bu merosni tubdan qayta ko‘rib chiqishdan yiroq. O‘zbekistonda ham Islom Karimov davriga nisbatan "70 foiz g‘alaba va 30 foiz xato" norasmiy falsafasi qo‘llanmoqda deb aytsa bo‘ladi.

    ...xulosa qilib aytganda: o‘xshatishda jon bor, lekin keyingi qadamlar muhim
    Xorijiy kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga o‘xshatishida jon bor. Den Syaopin Xitoy iqtisodini Mao Szedun merosidan tozalagan va pirovardida mamlakatni iqtisodiy qudratga aylantirgan islohotlarni boshlagan. Xuddi shunday niyat va ilk harakatlarni Shavkat Mirziyoyev ham namoyish qilmoqda. Bu niyat to‘laqonli va tizimli amaliy dasturga aylanadimi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Hokimiyat bir-biriga zid messejlar berayotgan bir paytda, islohotlar ham davomiy bo‘lishi haqida aniq bir narsa deyish qiyin.

    Lekin O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Mirziyoyevning o‘zi rahbarlarga aytganidek, hamma ko‘priklar yongani va hayot endi oldingidek bo‘lmasligi aniq.

    Manba: Minbar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga o‘xshatishyapti. O‘xshashlik nimada?