10:56 / 03.05.2019
5 968

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi ikkita yangi modda bilan to‘ldirildi

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi ikkita yangi modda bilan to‘ldirildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 6 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma’qullangan.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritildi:

quyidagi mazmundagi 244-4-modda bilan to‘ldirildi:
«244-4-modda. Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, – uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
g) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, – uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, – besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:
a) odamlar o‘limiga;
b) halokatga;
v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, – sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi»;

quyidagi mazmundagi 248-1-modda bilan to‘ldirildi:

«248-1-modda. Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash, ulardan foydalanish yoki ularni boshqa shaxslarga berish tartibini buzish, shuningdek ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish, – uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
g) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, – uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, – besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:
a) odamlar o‘limiga;
b) halokatga;
v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, – sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi»;

260-1-moddaning (O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) birinchi qismi dispozitsiyasidagi «shu jumladan uchuvchisiz uchadigan apparatlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish» degan so‘zlar «(bundan samoviy hududda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish hollari mustasno)» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi ikkita yangi modda bilan to‘ldirildi