15:53 / 05.05.2019
3 256

O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida yuqoriladi — lekin senzuradan xalos bo‘lish uchun ko‘p ish qilish kerak

O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida yuqoriladi — lekin senzuradan xalos bo‘lish uchun ko‘p ish qilish kerak
«Chegara bilmas muxbirlar» nohukumat tashkiloti jahonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi yillik hisobotini e’lon qildi.
Matbuot erkinligi reytingi «mahalliy jurnalistlarning erkinlik darajasi»ga ko‘ra saralangan 180ta davlat ro‘yxatidan iborat.

U turli davlatlardagi jurnalistlar, yuristlar va sotsiologlarning maxsus anketasiga berilgan javoblariga ko‘ra tuziladi. Anketa savollari jurnalistlar ishi bilan bog‘liq keng doirali mavzularni qamrab oladi — qonunchilik, o‘zini o‘zi senzura qilish, medianing erkinligi, fikrlar plyuralizmi, turli institutlar va idoralarning jurnalistlar bilan ishlashga tayyorligi va hokazo.

Bundan tashqari, baholashda o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni, shuningdek jinoiy ta’qib qilinayotgan blogerlar va jurnalistlar assistentlari kabi ayrim qo‘shimcha mezonlar ham hisobga olinadi.

Tashkilot reytingida dastlabki uchlikni Norvegiya, Finlyandiya va Niderlandiya egalladi.
MDH davlatlari orasida Armaniston sezilarli o‘sishga erishdi. Bu davlat 19 pog‘ona yuqorilab, 61-o‘rindan joy oldi.

Qirg‘iziston 15 pog‘ona ko‘tarilib, 81-o‘ringa joylashgan, Ukraina 101-o‘ringa tushgan bo‘lsa, Moldova 10 pog‘ona pastlab, 91-o‘rinni egallagan.
Rossiya ham o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona pastga, 149-o‘ringa tushib qoldi. Belarus 2 pog‘ona ko‘tarilib, 153-o‘rindan joy oldi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston ham reytingda yuqoriladi va 53,52 ko‘rsatkich bilan 160-o‘ringa loyiq ko‘rildi va xaritada avvalgidek qora emas, qizil rangda belgilandi.

Taqqoslash uchun, 2018 yilgi ko‘rsatkich 165-o‘rin bo‘lgandi, 2017 yilda esa 169-o‘rin.

«Ayrim nashrlar og‘riqli mavzularda yoza boshladi. Ammo mamlakatda uzoq vaqt hukmronlik qilgan senzura va o‘z-o‘zini senzura qilishdan xalos bo‘lish uchun hali ko‘p ish qilish kerak», deyiladi hisobotda.

Tojikiston va Ozarboyjon mos ravishda 161- va 166-o‘rinlarda joylashdi. Turkmaniston 85,44 ko‘rsatkichi bilan eng oxirgi - 180-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Ma’lumot uchun, «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nohukumat tashkiloti 1985 yili Fransiyaning Monpele shahrida tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi butun dunyodagi matbuot sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar va insonlar manfaatini himoya qilish hisoblanadi. Bosh ofisi Parijda joylashgan bu tashkilotning shiori «Erkin matbuotsiz biror to‘qnashuv va kurash haqida hech qachon bilib bo‘lmaydi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida yuqoriladi — lekin senzuradan xalos bo‘lish uchun ko‘p ish qilish kerak