14:07 / 09.05.2019
13 766

Farzandingizni prezident maktabida o‘qitmoqchimisiz? Buni o‘qing!

Farzandingizni prezident maktabida o‘qitmoqchimisiz? Buni o‘qing!
Prezident maktablari to‘g‘risidagi nizom loyihasida ushbu maktablarga qabul qilish shartlari ham ma’lum qilindi.

Bola boshqa maktabda kamida 4-sinfni tamomlagan bo‘lishi kerak. Agar farzandingiz boshqa maktabda yuqoriroq sinflarda o‘qisa, ular ham mos ravishda sinflarga qabul qilinadi (bu imkoniyat bu yil beriladi xolos, keyingi yildan faqat 4-sinfni bitirganlar o‘qishga qabul qilinadi).
Talabgorlar maxsus ishchi organ va ixtisoslashgan xorijiy tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari asosida qabul qilinadi.

Maktabga hujjat qabul qilinganda o‘quvchining doimiy yashash joyi hisobga olinadi. Ya’ni propiskasi bo‘lmagan o‘quvchi hujjat topshira olmaydi (masalan, toshkentlik bola Sirdaryodagi yoxud namanganlik bola Farg‘onadagi prezident maktabida o‘qiy olmaydi).

Maktabga qabul uchun quyidagi hujjatlar topshiriladi:
ariza, o‘quvchining anketasi, ta’lim olayotgan maktabidan ma’lumotnoma, 2 ta fotosurat (3x4), tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
Hujjat qabul qilish sanasi, qabul kvotalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qabul boshlanishidan kamida 10 kun oldin e’lon qilinadi.

Imtihonlar qanday o‘tkaziladi?

- Yilda bir marta, belgilangan vaqtda o‘tkaziladi.
- Videokuzatuv va boshqa elektron-texnik vositalar bilan jihozlangan maxsus joylarda o‘tkaziladi.
- Takroran o‘tkazilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari umumiy qoidalar asosida qayta ko‘rib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi.
- Imtihonlar davlat va qoraqalpoq (Qoraqalpog‘istonda) tillarida hamda talabgorning tanloviga muvofiq ingliz tilida o‘tkaziladi.
- Imtihonlar jadvali qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va prezident maktabining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Imtihon ikki bosqichda o‘tkaziladi:

Birinchi bosqichda bir kun davomida matematika fanidan 20 ta topshiriqdan iborat test o‘tkaziladi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 40 daqiqa vaqt ajratiladi.
Ikkinchi bosqichda
a) axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha 16 ta masala;
b) mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan 20 ta masala;
v) ingliz tilidan 40 ta test savoli.

5-sinfga qabul qilinayotganda o‘quvchining ingliz tilini bilish darajasi uchun test olinadi. Yuqori sinflarga qabul qilinayotganda esa ingliz tilidan testlar baholanib, ball beriladi.

Har ikki bosqichdan eng yuqori ball olganlar suhbatdan o‘tkaziladi. Suhbatda o‘quvchining ota-onasi bo‘lishi shart. Har bir suhbatni video yoki audio shaklda yozib olishga ruxsat beriladi. Imtihon natijalari 30 kun davomida e’lon qilinadi.

Prezident maktablari o‘quvchilari nimaga erishadi?

- O‘quvchining har tomonlama rivojlanishi uchun bepul sharoit.
- Tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish imkoniyati. Ayniqsa, STEAM (Science –tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) elementlarini chuqur o‘zlashtirish imkoniyati.
- Umumta’lim fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda ishtirok etish.
- Qo‘shimcha o‘quv kurslari, shu jumladan pulli tayyorgarlik kurslarida o‘qish.
- Davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat (guvohnoma, shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqini beruvchi xalqaro darajadagi dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ni olish imkoniyati.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Farzandingizni prezident maktabida o‘qitmoqchimisiz? Buni o‘qing!