19:12 / 21.05.2019
5 175

Qamashidagi bolalar bog‘chalariga hamma narsa mumkinmi, ularni hech kim nazorat qilmaydimi?

Qamashidagi bolalar bog‘chalariga hamma narsa mumkinmi, ularni hech kim nazorat qilmaydimi?
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida jami 17 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud. Bundan tashqari, 8 ta nodavlat bolalar bog‘chasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimining so‘zlariga ko‘ra yaqinda yana 6 ta davlat xususiy sherikchilik asosida bog‘chalar ochilishi kutilmoqda.

Bu ishlarning amalga oshirilishi yaxshi chunki xonadonlarda tashkil qilinadigan bog‘chalar nafaqat kichkintoylar, balki ularning ota-onalari uchun ham haqiqiy xushxabar bo‘ldi. Ammo, gap mutlaqo boshqa mavzuda.

Bahonami yoki talab?

Anchagina ta’mirtalab va ko‘rimsiz holga kelib qolgan “Oynako‘l” MFY da joylashgan 10-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi Qamashi tumanidagi eng katta va “keksa” bolalar bog‘chasi sanaladi. Bu yerda bugungi kunda 100 dan ortiq bolajonlar ta’lim-tarbiya olishadi. Ayni damda bog‘chada keng miqyosda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayapti. Ishlar jadal sur’atlarda borayotganligi tufayli muassasa tez kunlarda foydalanishga topshirilishi haqida mahalla raisi bildirib o‘tdi.

- Uzog‘i bilan 2 oyda bolalar bog‘chaga qaytishadi. Hozircha shu mahallada joylashgan bir xonadonda ta’lim-tarbiya ishlari olib borilayapti. Aslida xodimlar va bolalar uchun ikki oylik ta’til e’lon qilingan ekan, ammo nimadir sabab bo‘lib faoliyat to‘xtatilmadi,-deydi biz bilan suhbatda mahalla raisi Xayrulla Boltayev.

Qiziqsinib, o‘sha xonadon sari yo‘l oldik. Bizni bog‘cha mudirasi Sabohat Ikromova kutib oldi. Ayni tushlik mahali borganimiz sabab, kichkintoylar tamaddi stoli atrofida jam bo‘lishgan. Afsuski, bu stolni tamaddi uchun mo‘ljallangan deb bo‘lmaydi. Kir-chir idishlar, sanitar holatga umuman rioya etilmagan holda tortilgan tushlik taomi, yog‘ bosib anchadan buyon suv tegmagan stol-stullar… bularni ko‘rib tabiiyki savol nazari bilan mudiraga yuzlandik.

- Bilasizmi, tarbiyachilarim hozir ta’mirlanayotgan bog‘chaga ishlagani ketishgan,-deydi Sabohat opa. O‘zim ham hozirgina keldim. Oshpazim, 2 nafar tarbiyachim bilan bolajonlarga qarab turibmiz. To‘g‘ri, ayb menda. Mana shu yugur-yugur va tashvishlar bilan bo‘lib bu narsalarga e’tibor qarata olmadim. Yaqinda bog‘chamiz ishga tushsa, bu kamchiliklar ham bartaraf etiladi. Ungacha shu taxlit ishlab turishga majburmiz.

Ota-onalarga ko‘p tushuntirdim, biroz sabr qilinglar, yaqinda bog‘chamiz ochiladi. Qulay, shinam sharoitlarda bolajonlarni qabul qilaveramiz, dedim. Nima qilay, ular ko‘nishmadi. Biz ishlaymiz, bolalarimiz ham bog‘chaga ko‘nikib ulgurishgan. Sharoiti qanday bo‘lsa ham bolalarni qabul qilasiz, deb turib olishdi. Nailoj, ota-onalarning xohishi biz uchun qonun. Shu taxlit ishlayapmiz.

Tartib ustunmi yoki hoxish?

Xo‘p, ota-onalar talab qilishayotgan ekan, bu haqda rahbariyat xabardormi? Nega hech qanday sharoitga ega bo‘lmagan, buning ustiga bog‘cha talablariga umuman javob bermaydigan xonadonda bolalar tarbiyalanmoqda? Afsuski, mudiradan bu haqda tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi xabardormi degan savolimizga ham aniq javob ololmadik. Homiylik mablag‘i asosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan mazkur bolalar bog‘chasi ta’mir sabab vaqtincha bu xonadonda faoliyat yuritayapti.

Lekin Sabohat Ikromova ta’kidlaganidek, ishlar ikki oyda yakuniga yetmadi. Aksincha, hali-hamon davom etmoqda. Bolalar ham hech bir tartib-intizom, tozalik va xavfsizlik qonun-qoidalariga amal qilinmayotgan ushbu xonadonda ta’lim-tarbiya olishmoqda.

Mas’ullar esa doimgidek jim. Balki ularga shunisi ma’quldir?!

Noqonuniy, ammo “ruxsati” bor bog‘cha

Shuningdek, hududda Saida Berdiyorova tomonidan tashkil qilingan yana bir “uy bog‘cha”ning noqonuniy faoliyat yuritishidan ham hech kimning xabari yo‘q ekan. Na xokimlik, na bo‘lim, na mahalla raisini ogohlantirmasdan, hech bir qonuniy hujjat yoki ruxsatnomaga ega bo‘lmay turib, bu muassasa qanday faoliyat olib borayotgani juda g‘alati. Eng achinarlisi esa, bu xonadon uy bog‘cha sharoiti talablariga umuman javob bermaydi.

Birgina oshxonaning axvolini quyidagi suratlar orqali bilib olishingiz mumkin. Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan yagona xonada ham ovqatlanish, ham ta’lim-tarbiya jarayoni, ham uyqu vaqti belgilangan. Hovlida yurgan kattagina it begonalarni uncha xushlamasligi ko‘rinib turibdi. Kun bo‘yi u yoqdan bu yoqqa yugurib charchamaydigan bolajonlar xavfsizligi ham ta’minlangan deb aytish qiyin.

- Menga bu bog‘chani ochishga sho‘’ba mudiri Shaxriniso Toshtemirova ruxsat berganlar. U kishi siz ishni boshlayvering, men bu yog‘ini o‘zim to‘g‘irlayman deganlari uchun bog‘chani ochdim,-deydi Saida opa. Bolalar tarbiyasida tajribam bor. 18 yil shu sohada ishlaganman. Mutaxassisligim – tarbiyachi. To‘g‘ri, kamchiliklarim bor, albatta. Sekin-sekin to‘g‘irlab boraman.

Saida opaning o‘zini tanishtirishni istamagan qizining so‘zlariga ko‘ra, bo‘limdagilar ularning xonadonini kelib ko‘rishgan va ma’qul deb ketishgan ekan. Ammo, rahbariyatning fikri mutlaqo boshqacha. Bu haqda bizga Qamashi tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limining davlat xususiy sherikchilik asosida MTM tashkil qilish sho‘’ba mudiri Shaxriniso Toshtemirova shunday deydi: – Saida Berdiyorova xonadonida tashkil qilingan bu bog‘chada ayni damda qancha bolajonlar qabul qilinganligini bilmayman. Lekin mazkur bog‘chaning vazirlikdan ham, hokimlikdan ham hech qanday ruxsatnomasi, qonuniy faoliyat litsenziyasi va boshqa me’yoriy hujjatlari yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘taman, men bog‘chani noqonuniy faoliyat yuritishiga ruxsat bermaganman. Faqat tadbirkor sifatida xatti-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlayman, deganman xolos. Axir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5-apreldagi PQ-3651-sonli “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga qo‘shimcha ravishda 2018 yilning 30 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 595-sonli Qarori ijrosini ta’minlash vazifamiz sanaladi.

Befarqlik va mas’uliyatsizlikka asl sabab nosog‘lom muhit(mi?)

Ismi-sharifi sir tutilishini istagan bir xodimning so‘zlariga ko‘ra, bunga tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida vujudga kelgan nosog‘lom muhit sabab bo‘lmoqda.

- Bo‘lim mudiramiz aslida mutaxassislik bo‘yicha maktabgacha ta’limga umuman aloqasi yo‘q inson. Boshqarma tomonidan shu lavozimga tayinlanganidan buyon bu kabi holatlar tez-tez uchrab turibdi. Afsuski, tuman hokimi ham bundan norozi. Jamoa ikkiga bo‘linib qolgan. Hamma o‘z bilganicha ish qiladi. Boshqarma esa vaziyatdan xabardor bo‘lsa ham negadir biror chora ko‘rishga shoshilmayapti. Natijada yo‘l qo‘yilgan ishda mana shu kabi kamchiliklar jiddiy xatolarni keltirib chiqarmoqda,-deydi xodim.

Masala yuzasidan Qamashi tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Nilufar Sa’dullayeva bilan bir necha marta bog‘lanishga urinib ko‘rdik, natijasiz. Nachora. So‘ngso‘z o‘rnida demoqchi bo‘lganimiz, o‘zim xon-ko‘lankam maydon deydigan zamonlar allaqachon ortda qolmadimi?

Doimgidek, mulohazani o‘zingizga qoldiramiz.
Muqaddas ISMOILOVA,
Dilshod NABIYeV.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qamashidagi bolalar bog‘chalariga hamma narsa mumkinmi, ularni hech kim nazorat qilmaydimi?