Xorijiy ekspertlar prezident maktablariga qabulni boshlash uchun O‘zbekistonga keldi

  • 26 may 2019, 17:27
  • 699
  • O‘zbekiston
  • Xorijiy ekspertlar prezident maktablariga qabulni boshlash uchun O‘zbekistonga keldi
    Cambridge Assessment ekspertlari Gvendid Kaudvell va Mark Shennon prezident maktablariga qabul jarayonini tashkil etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishdi, deb xabar qildi XTV matbuot xizmati.

    Avval xabar berilganidek, Cambridge Assessment tashkiloti O‘zbekistonda yangi tashkil etilayotgan prezident maktablariga qabulni shaffof va adolatli tashkil etishga mas’ul tashkilot sifatida tanlangan.

    «Cambridge Assessment tashkilotining ekspertlari ikki kunlik tashrifi mobaynida prezident maktablarini tashkil qilish bo‘yicha loyiha xodimlari bilan o‘quvchilarning hujjat topshirish tartibi, imtihon kunlari, namunaviy test savollari to‘plamlarini tarqatishga oid masalalarni muhokama qildilar. Ekspertlar hujjat qabul qilish markazlari va imtihon o‘tkaziladigan muassasalarga tashrif buyurdi. Imtihonlarni xolisona va odil o‘tkazilishi bo‘yicha maxsus ish rejasini ishlab chiqdi», - deyiladi xabarda.

    Prezident maktablariga qabul Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

    Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa har bir prezident maktabining 5-10-sinflariga jami 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

    O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlar bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM - ta’lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

    Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

    Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

    Eslatib o‘tamiz, joriy yilda birinchi uchta maktab Toshkent, Xiva va Nukusda ochilishi belgilangan edi. 2019 yilda prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2020—2021 yillar davomida O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham prezident maktablari tashkil etiladi.

    Фикрлар

    » » Xorijiy ekspertlar prezident maktablariga qabulni boshlash uchun O‘zbekistonga keldi