09:35 / 30.05.2019
3 134

Respublika o‘g‘il bolalar va Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi muassasasi tashkil etildi

Respublika o‘g‘il bolalar va Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi muassasasi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasi manzilida;
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasi manzilida joylashtiriladi.

Quyidagilar:
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga;
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktirildi.

Belgilab qo‘yilishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi tegishincha Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining o‘z vaqtida to‘liq ta’minoti va maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashish, ushbu muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sog‘lom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi.

Belgilanishicha:
a) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi;
b) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;

aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;

yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi;

v) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
mazkur bandning "b" kichik bandida ko‘rsatilgan voyaga yetmaganlar faqat Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi;

Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatiga voyaga yetmaganlarni qabul qilish to‘xtatiladi;

Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatida tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘qishni ushbu muassasalarda belgilangan tartibda tugatadilar;

g) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridagi guruhlar va sinflarda o‘quvchilar bilan to‘ldirilish 15-20 nafar etib belgilanadi, istisno tariqasida tegishli moliya organlari bilan kelishilgan holda ushbu muassasalarda o‘quvchilar sonidan qat’iy nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi;

d) ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovsiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan, shuningdek, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan boshqa voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasiga asosan tegishli vazirlik va idoralar qarorlari (yo‘llanmalari) asosida o‘quv yili davomida ilovadagi vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga joylashtiriladi;

tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan Muassasalarga yuborilayotgan voyaga yetmaganlar uchun Muassasalarning qabul kvotasidan tashqari 5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratadi;

Muassasalarga yuborilayotgan voyaga yetmaganlar ta’til vaqtida agar ularning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish imkoni bo‘lmasa Muassasalarda o‘quv jarayoni boshlangunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori asosida tegishli xalq ta’limi organining yo‘llanmasi bo‘yicha vaqtincha “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanadilar;

ye) tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni Muassasalarga istisno tariqasida bepul asosda, sinovlarsiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi;

voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan qabul qilingan har bir voyaga yetmagan uchun alohida murabbiy biriktiradi va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qiladi, ularni Muassasalarni bitirgandan keyin ish bilan ta’minlashda ko‘maklashadi;

j) ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari ko‘pi bilan qirq besh kun muddatda voyaga yetmaganni Muassasaga yoki Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishning maqsadga muvofiqligi haqida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyaga xulosa taqdim etadi;

z) 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi to‘lanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Respublika o‘g‘il bolalar va Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi muassasasi tashkil etildi