23:37 / 14.06.2019
3 065

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi.

Imomali Rahmon xalqaro darajadagi tadbir doirasida yana bir bor uchrashish imkoniyatidan mamnunligini bildirdi va yuqori martabali mehmonni Tojikistonga tashrifi bilan qutladi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur’at bilan rivojlanib, tobora mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

«O‘zaro siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli strategik sheriklik tamoyillari amalda ro‘yobga chiqarilayotgani qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari ilgari surilmoqda. Hududlar darajasida faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuvda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentiga OHIChK sammiti doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

«Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, o‘zaro tovar almashish hajmini oshirish hamda hamkorlikning tomonlar uchun o‘zaro manfaatli boshqa sohalaridagi masalalar muhokama qilindi», deyiladi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Afg‘onistondagi siyosiy muammolar yechimi, terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish davlat rahbarlarining diqqat markazida bo‘ldi.

Shuningdek, Toshkeyentda Dushanbe kunlari va Dushanbeda Toshkent kunlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash qit’ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forumdir.

Bugungi kunda kengashga 27 davlat a’zo. Sakkizta mamlakat va beshta xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilaridir. OHIChK 2007 yil oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi huzurida kuzatuvchi maqomini olgan. 2018-2020 yillarda OHIChKga Tojikiston Respublikasi raislik qilmoqda.

«Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv» mavzuida o‘tadigan bu galgi yalpi majlisda kengashga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ziyod delegatsiya ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidenti sammit doirasida qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi