18:52 / 18.06.2019
3 219

Bangladesh prezidenti: «Buyuk islom ulamolarining muqaddas zaminiga tashrifdan ulkan zavq olmoqdaman»

Bangladesh prezidenti: «Buyuk islom ulamolarining muqaddas zaminiga tashrifdan ulkan zavq olmoqdaman»
2019 yilning 16 iyun kuni Bangladesh Xalq Respublikasi prezidenti Muhammad Abdul Hamid boshchiligidagi delegatsiya norasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Buxoro xalqaro aeroportida Bangladesh prezidentini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev hamda Bangladesh Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan kutib olishdi. Buxoroda Bangladesh delegatsiyasi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Ark qal’asi, Poi-Kalon kompleksi va Labi-Hovuz me’moriy ansamblida bo‘ldi.

17 iyunda Bangladesh Xalq Respublikasi prezidenti Abdul Hamid boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga keldi. Yuksak martabali mehmonlar bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida poytaxtning «Hazrati Imom» majmuasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lishdi. Shuningdek, «Uztex Chirchik» to‘qimachilik fabrikasiga ham tashrif buyurishdi.

«Hazrati Imom» yodgorlik kompleksiga tashrif davomida Bangladesh prezidenti Abdul Hamid va unga hamrohlik qilayotgan oila a’zolari hamda rasmiylarga Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tashrif davomida mehmonlar jome masjidi va muqaddas Usmon Qur’oni bilan tanishishdi. Bangladesh rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiya markazini yaratishga doir g‘oyasini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi va «Hazrati Imom» majmuasi me’morchiligi unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Shuningdek, Bangladesh prezidenti O‘zbekiston prezidenti tomonidan mamlakatda muqaddas Islom dinining asl mohiyati va mazmunini targ‘ib qilishga doir olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Muhammad Abdul Hamidning so‘zlariga ko‘ra, Bangladeshda yashovchi har bir kishi maktab davridanoq Buxoro va Samarqandni Islom sivilizatsiyasi markazlari va islom ulamolari hamda muqaddas hadislar mualliflari zamini sifatida taniydi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyida Bangladesh prezidentiga buyuk sulolaning paydo bo‘lishi, Amir Temurning jahon tarixidagi o‘rni, u tomonidan asos solingan davlatni adolatli boshqarish tamoyillari haqida ma’lumotlar berildi. Prezident Abdul Hamid O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi tarixiy aloqalar haqida so‘z yuritar ekan, Bangladeshning zamonaviy poytaxti – Dakka shahriga Boburning nevarasi Jahongir tomonidan asos solingani va dastlab «Jahongir Nagar» («Jahongirning shahri» – tarj.) deya nomlangani, shuningdek, mamlakatning eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri Jahangirnagar University nomini olgani haqida hikoya qildi.

«Buyuk islom ulamolari, muhaddislarning muqaddas yurtiga tashrif buyurib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rayotgan muqaddas qadamjolarimdan ulkan zavq olyapman. Prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston va uning tarixiy shaharlarini ziyorat qilish imkoni uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman», - dedi Bangladesh prezidenti.

«Uztex Chirchik» to‘qimachilik fabrikasiga tashrif doirasida Bangladesh prezidenti boshchiligidagi delegatsiyaga O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining rivojlanishiga doir taqdimot tashkil etildi hamda ishlab chiqarish inshootlari va korxonaning zamonaviy tibbiyot markazi bo‘ylab tanishuv ekskursiyasi o‘tkazildi.

«O‘zbekistonda eng ilg‘or texnologik uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy to‘qimachilik fabrikalari mavjud. Mamlakatlarimiz bu sohada hamkorlik qilish va tashqi bozorlarga birgalikda chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega», - dedi u.

Toshkentga tashrif yakunida Bangladesh Xalq Respublikasi elchixonasi nomidan prezident Abdul Hamid, Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri – professor Abdul Momen va boshqalar ishtirokida rasmiy qabul tashkil etildi. Unda O‘zbekiston hukumatining qator vakillari, yirik assotsiatsiya va kompaniyalar rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillari qatnashishdi.

O‘zbekistonga tashrifning uchinchi kuni – 18 iyunda Bangladesh prezidenti Abdul Hamid bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamrohligida Samarqand shahriga keldi. Bangladesh rahbari Samarqand temir yo‘l vokzalining noyob me’morchiligi tahsinga sazovor ekanini qayd etdi.

Aziz Abduhakimov Bangladesh prezidentiga ta’lim sohasida hamkorlik qilish, xususan, Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti bilan Bangladeshning «Jahongir Nagar» universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi va bu tashabbus prezident Abdul Hamid tomonidan bajonidil qabul qilindi.

Bangladesh prezidenti Samarqanddagi «Hazrati Hizr» kompleksi ziyorati davomida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Yuksak martabali mehmonga majmua bo‘ylab manzarali ekskursiya tashkil etildi va uning doirasida kompleksning barpo etilishi hamda O‘zbekiston birinchi prezidentining hayotiga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

15 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi Osiyo hamkorligi va ishonch choralariga doir sammit doirasida Bangladesh rahbarini qabul qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bangladesh prezidenti: «Buyuk islom ulamolarining muqaddas zaminiga tashrifdan ulkan zavq olmoqdaman»