17:38 / 24.06.2019
2 865

O‘zbekiston fanining bugungi ahvoli: tanqid uchun tanqiddan naf bormi?

O‘zbekiston fanining bugungi ahvoli: tanqid uchun tanqiddan naf bormi?
"O‘zbekiston 24" telekanali iyun oyi boshidan Toshkentdagi oliy o‘quv muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarining ahvoli haqida televizion reportajlar namoyish etmoqda.

Reportajlar mamlakatdagi ta’lim sifatini o‘rganayotgan respublika komissiyasining o‘rganishlari natijasi ekani xabar qilindi.

Ammo reportajlar "boring, birorta tanqidiy lavha tayyorlab keling!" degan maqsad bilan yuborilgan tasviriy guruhning materiali degan taassurotni uyg‘otadi.

Komissiya a’zolari ham, tasvirga olish guruhi a’zolari ham ilmiy-tadqiqot institutlari nega oxirgi 30 yilda yangi reagent yoki ilmiy tajribasi uchun zarur moddalarni olmaganlarini juda yaxshi tushunadilar.

Marhum Sharof Rashidovning shaxsan o‘zi boshida turib tashkil etgan, gektarlab yerlar, barcha zamonaviy asbob-uskunalarga ega binolari bor ilmiy-tadqiqot institutlari 1980-yillarning o‘rtalaridan o‘z holiga tashlab qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqa sohalar qatori oxirgi 30 yilda O‘zbekistonning yuksak ilm salohiyati ham o‘ldirilganini tan oldi, olimlarning vaziyatni yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligi haqidagi fikrlarini so‘radi.

Shuning uchun ham komissiya va "O‘zbekiston 24" telekanali ijodkorlari prezident Mirziyoyevning akademiklar bilan uchrashuvlaridan so‘ng aynan ushbu ilmiy muassasaga qancha mablag‘ ajratildi, institut yoki universitet hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi degan savollarga javob izlasalar o‘rinli bo‘lardi.

O‘zbekiston fanlar akademiyasining Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutiga bag‘ishlangan telereportaj haqida institut ilmiy xodimi Baxtiyor Rasulov «Facebook»dagi sahifasida quyidagilarni yozdi:

"O‘zbekiston 24" kanali institutimiz (O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti) haqida tayyorlagan ko‘rsatuvning internetga qo‘yilganini hozir ko‘rdim.

Avvalo, ko‘rsatuv ijodkorlariga katta rahmat. Aytilmagan muammolarni olib chiqishdi. Ko‘rsatuvdagi tanqidlarning hammasi o‘rinli. Ilmiy-tadqiqot muassasasida ilmiy ish olib borishga sharoit yo‘q, oylik yaxshi emas. Savol tug‘iladi – olimlarning oyligi oshdi, shunda ham kammi? Oyliklar oshdi, lekin olimlar 0,2, 0,25, 0,3, 0,5... degan "stavka"larda ishlayapti.

Fan rivoji o‘zicha amalga oshmaydi, unga sarmoya kiritish kerak. Yuqori analitik aniqlikda ishlaydigan, zamonaviy asbob-uskuna, jihozlar va reaktivlar sotib olish uchun. Bu jihozlar arzon emas, qimmat.

Ko‘rsatuvda bir fikr aytildi – rahbar dunyoqarashi. Bu fikrga ham to‘liq qo‘shilaman. Institutda ko‘p rahbar almashdi, kelib-ketaverdi. Lekin birortasida yangilik, fanni rivojlantirishga rag‘bat, ishtiyoq va xalq oldidagi mas’uliyatni ko‘rmadim.

Sheriklarning ko‘pi chet elga ketishdi. Germaniya, Xitoy, Amerikada ishlab yurishibdi. Nimaga? Kallasida ilmiy g‘oya bor, uni bo‘m-bo‘sh laboratoriyalarda ilmiy isbotlab bo‘lmaydi. Uning uchun so‘nggi rusumdagi jihozlar kerak. Biologiya nazariy fan emas, u endi eksperimental fan. Dunyo olimlari hujayradagi jarayonlarni DNK va RNK (transkriptomi) asosida o‘rganayapti. Hujayradagi jarayonlarni o‘zgartirayapti. Biz esa o‘sha ishlarni – ilmiy maqolalarni ertak kabi o‘qib o‘tiribmiz.

2012 yildan 2018 yilgacha Xitoy fanlar akademiyasining institutlarida ishladim. 2017 yil sentyabr oyida (terma jamoamiz Uxan shahrida Xitoy termasiga yutqizgan vaqtda) Gidrobiologiya instituti molekulyar mikrobiologiya va biotexnologiya laboratoriyasiga mikrob tabiatli biopolimerlar haqida ma’ruzalar o‘qidim. Shu ishlarni o‘zimizda qilsak bo‘ladi, o‘zimizning qorako‘zlarga ma’ruzalar o‘qisak ham bo‘ladi. Lekin ishimizga qiziqish bo‘lmasa-chi? Biror universitet yoki institut ilmiy ishlarimizga qiziqish bildirdimi? Yo‘q! Sababi hali biz fandan daromad ko‘rishgacha yetib kelmadik.

Xulosa shuki, haligacha bir yerda depsinib-depsinib turibmiz. Maqtanib gapirishsa ishonmang, hamma yerda shu ahvol, shu vaziyat".

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston fanining bugungi ahvoli: tanqid uchun tanqiddan naf bormi?