O‘zbekiston elektroenergetikasi kelajagi belgilanmoqda

  • 19 iyul 2019, 08:50
  • 594
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekiston elektroenergetikasi kelajagi belgilanmoqda
    18 iyul kuni 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Kengash yig‘ilishi kun tartibida O‘zbekistonda energetika masalasini ham muhokama qilish belgilangandi. Shunga muvofiq, elektroenergiya sohasida islohotlar, investitsion dasturlar, davlat-xususiy sherikchiligi va xususiylashtirish yo‘llari haqida mulohazalar bildirildi.

    Yig‘ilishda elektroenergiya sohasini tubdan isloh etish bo‘yicha reja loyihasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, sohada korporativ boshqaruv shaklini joriy etib, xususiylashtirish yo‘lidan borish ma’qullangan. Masalan, kelgusida ochiq aksiyadorlik shaklidagi issiqlik elektrostansiyalari faoliyati paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sohada tijoriylashtirishga ruxsat beriladi.

    Elektroenergiya tarif narxlarini erkinlashtirib, sohaga xususiy sektor kirib kelishi uchun ma’lum sharoitlari yaratiladi.

    Ta’kidlanishicha, Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatli fotoelektrostansiya qurilishi ham muhokama qilingan. Shuningdek, XMK va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sherikchiligi shaklini rivojlantirgan holda quyosh elektrostansiyalar quvvatini 2000 MVt (2 GVt) ga yetkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

    O‘zbekiston hukumati 2030 yilga borib, 7 GVt energiyani quyosh elektrostansiyalardan olishni rejalashtirmoqda.

    Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 MVt quvvatli shamol elektrostansiyasini qurish loyihasi ham ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha hukumatlar o‘rtasidagi bitimga ko‘ra amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Amirlikning «Mubdala» kompaniyasi esa Talimarjon IESda yangi loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

    Shamoldan energiya olish loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida, quyoshdan energiya olish masalasi Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hududida amalgi oshirilishi nazarda tutilgan.

    Ma’lumot uchun, Iqtisodiy kengashning asosiy vazifasi - Xalqaro ekspertlar guruhi ishtirokida iqtisodiy sohadagi «Islohotlar yo‘l xaritasi» ning muayyan yo‘nalishlari bo‘yicha strategiyalar, tushunchalar, dasturlar, yondashuvlar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish.

    Shuningdek, Iqtisodiy Kengashning vazifalariga quyidagilar ham kiradi:

    — ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammolar va xavflarni tahlil qilish va aniqlash, shu asosda takliflarni tayyorlash ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi kelajakdagi o‘zgarishlar haqida, idoraviy darajada va keng jamoatchilik ishtirokida batafsil muhokamalar o‘tkazish,

    — islohotlarning yo‘l xaritasini amalga oshirish davomida ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini, xalqaro moliya institutlari, ekspertlar guruhlari va ommaviy axborot vositalari bilan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali hamkorlikni tashkil etish, shu maqsaddagi seminar va uchrashuvlar o‘tkazish.

    » » O‘zbekiston elektroenergetikasi kelajagi belgilanmoqda