14:30 / 20.07.2019
7 620

O‘zbekistonda «Harbiy qasamyod» o‘rniga «Vatanga qasamyod» joriy qilinadi

O‘zbekistonda «Harbiy qasamyod» o‘rniga «Vatanga qasamyod» joriy qilinadi
Bugun ko‘plab sohalar qatori mamlakat mudofaa tizimida ham islohotlarning yangi bosqichi samaralari ko‘zga tashlana boshladi. Milliy armiyani isloh qilishga qaratilgan yondashuvlar ham tubdan o‘zgardi. Bunda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga balandparvoz shiorlar emas balki, amaliy harakatlar bilan yondashilmoqda. Xususan, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Karimov.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 12 martda o‘tkazilgan videoselektorda mazmun va mohiyat nuqtai nazaridan milliy ruhimiz, shonli tariximiz va vatanparvar ajdodlarimizga munosib bo‘lgan qasamyod matnini tayyorlash maqsadida bundan 27 yil avval qabul qilingan «Harbiy qasamyod» matnini qayta ko‘rib chiqish, bunda harbiy xizmatchilar ongiga Vatanga, harbiy burchga sodiqlik hissini yanada chuqurroq singdirish, shuningdek amaldagi «Harbiy qasamyod» o‘rniga «Vatanga qasamyod»ni joriy qilish uchun huquqiy asoslar yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan edi.

Ushbu takliflarning amaldagi ro‘yobini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlandi.

Qonun loyihasi bilan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3- va 39-moddalariga harbiy qasamyod o‘rniga Vatanga qasamyod matnini mustahkamlovchi normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirokida yangidan ishlab chiqilgan «Vatanga qasamyod» matni asos qilib olindi. Yangi Vatanga qasamyod matni deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, xalq va armiya birligini ta’minlashda, Vatanga sadoqat degan muqaddas g‘oya atrofida xalqimizni jipslashtirishda aynan Ona yurtga - Vatanga qasamyod keltirishning beqiyos ahamiyati to‘g‘risida ijobiy xulosalar berildi.

Shuningdek, qonun loyihasini tayyorlash jarayonida ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganib chiqildi va milliy ruhimiz, shonli tariximiz va vatanparvar ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishga undaydigan qasamyod matnini bayon etishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Vatanga qasamyod matnida davlat timsoli bo‘lmish bayroqning muqaddasligini ulug‘lash, buyuk ajdodlarimizni qadrlash, Qurolli Kuchlar safiga kirayotgan yoshlarning Vatan oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘layotgani, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga, prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, Vatan mustaqilligini, uning sarhadlari daxlsizligini, xalqining tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarini so‘nggi nafasigacha himoya qilishga, O‘zbekiston Respublikasiga qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli harakatlarga qarshi ayovsiz kurashishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va umumharbiy nizomlariga qat’iy amal qilishga, davlat va harbiy sirlarni saqlashga, quruqlikda, suvda, havoda – har qanday sharoitda ham o‘z burchini vijdonan bajarishga, el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga tantanali ravishda qasamyod qilishi kabi niyatlar mujassam etilgan.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tez kunlarda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda, deb yozadi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda «Harbiy qasamyod» o‘rniga «Vatanga qasamyod» joriy qilinadi