O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yiladi

  • 27 iyul 2019, 09:33
  • 558
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yiladi
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

    Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi 723–I-son Qonunining 5-moddasi (Reklamaning tili) matni quyidagi tahrirda bayon etiladi:

    “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi. Reklama beruvchining xohishiga ko‘ra davlat tili bilan bir vaqtda boshqa tillarda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi. Reklama tarqatishda davlat tilida muqobili bo‘lmagan xorijiy tillarning atamalari qo‘llanilishi mumkin. Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin”.

    O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 18 sentyabrda qabul qilingan “Firma nomlari to‘g‘risida”gi 51-son Qonunining 3-moddasi (Firma nomi) ikkinchi-uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etiladi:

    “Yuridik shaxs davlat tilida yoki chet tilida bayon etilgan to‘liq firma nomi bilan birga qisqartirilgan firma nomiga ham ega bo‘lishi mumkin.

    Yuridik shaxsning firma nomida davlat tilida bayon etilgan uning tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilishi kerak”.

    » » O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yiladi