13:58 / 29.07.2019
2 320

Forbes: O‘zbekiston uzoq yillik yakkalikdan keyin biznes uchun ochiq

Forbes: O‘zbekiston uzoq yillik yakkalikdan keyin biznes uchun ochiq
AQShning Forbes jurnali saytida «O‘zbekiston delegatsiyasi AQShga tashrif buyurdi. U mamlakat uzoq yillik yakkalikdan keyin biznes uchun ochiq ekanini ma’lum qilmoqda» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Maqolada ta’kidlanganidek, 2019 yil 16-23 iyul kunlari yuqori darajadagi delegatsiya, shuningdek, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari AQShga tashrif buyurdi. Delegatsiya, birinchi bo‘lib, siyosiy maslahatlashuvlar uchun Vashingtonga bordi, safarning biznes qismi esa Nyu-Yorkda bo‘ldi.

Maqola muallifi Melik Kaylan Manxettenda (Nyu-York) o‘tkazilgan «O‘zbekiston kapital bozorining imkoniyatlari» investitsion forumiga borib, O‘zbekiston tomonining mamlakatga kapital kiritish imkoniyatlari to‘g‘risidagi taqdimotlari puxta tayyorlangan va chuqur o‘ylanganligini qayd etdi.

Maqola muallifiga ko‘ra, Amerika ishbilarmon doiralari O‘zbekiston delegatsiyasini mamnuniyat bilan qabul qilib, jiddiy, samarali ishlashga va aniq natijalarga erishishga ijobiy qaragan. Melik Kaylanning yozishicha, tadbir davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida iliq va ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yilgani sezilgan.

Maqolada alohida qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - islohotchi, o‘z mamlakatining «iqtisodiy taqdirini» yaxshilash yo‘llarini aniq tasavvur qiladigan shaxsdir. O‘zbekiston rahbari bir necha yil davomida mamlakat kelajagini yaxshi tomonga o‘zgartirdi - mahbuslarni ozod qildi, mamlakatga xorijiy OAVni kiritdi, respublikani tashqi savdo hamda sarmoyalar uchun ochdi. Mamlakat rahbariyati yuqori malakali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston prezidenti xorijda tahsil olgan yangi, yosh iste’dodlarni yuqori lavozimlarga tayinladi, mamlakatda korrupsiyaga qarshi faol kurashmoqda.

Muallifning baholashicha, O‘zbekiston rahbari mamlakatda o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligini yaxshi tushunadi va bu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlar qo‘shni davlatlar bilan chegara nizolarini hal qilish hamda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston bilan foydali savdo bitimlarini imzolashdan boshlandi.

Nashrning xabar berishicha, O‘zbekiston yetakchisi aholi bilan maslahatlashish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va maslahatlar olish uchun butun mamlakat bo‘ylab xalq qabulxonalari ochdi. G‘oya aholi bilan barqaror aloqani topish, odamlar bilan maslahatlashish, ularning ehtiyojlari haqida bilish va muammolarini hal qilishdan iboratdir.

Maqola muallifi o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan suhbatlardan so‘ng, O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga 5 foizdan o‘sib borayotgani hamda tezlashishda davom etayotgani haqidagi xulosaga keldi. Maqolada ta’kidlanishicha, tebranishlarni chetlab o‘tib, barqaror rivojlanishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Asosiy e’tibor O‘zbekiston aholisi ehtiyojlarini qondirish masalasiga qaratilyapti.

Melik Kaylanning bildirishicha, qariyb o‘ttiz yildan so‘ng O‘zbekiston tarixda o‘z munosib o‘rnini yana egallamoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Forbes: O‘zbekiston uzoq yillik yakkalikdan keyin biznes uchun ochiq