01:00 / 22.08.2019
5 927

1-sentyabrdan nimalar oʻzgaradi?

1-sentyabrdan nimalar oʻzgaradi?
Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali 2019-yil 1 sentyabdan kuchga kiradigan hujjatlar va boshqa eng muhim oʻzgartirishlarning qisqacha sharhini eʼlon qildi.

2019-yil 1-sentyabrdan boshlab:

1. Foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari xususiylashtiriladi.


Foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan taʼlim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sogʻliqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha koʻrsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining boʻsh turgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida sotiladi.

2. Mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servis yoʻnalishlari boʻyicha xodimlar chet elda oʻqitiladi.

Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha hodimlari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqitish va malaka oshirish uchun yuboriladi. Tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarning xorijiy oliy taʼlim muassasasidagi toʻlov kontrakti toʻlab beriladi.

3. Xorijda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi oʻzgaradi.

Xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta va oʻrta taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish toʻgʻrisidagi arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

4. Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi hamda guvohnoma egalariga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi beriladi.

5. “Temurbeklar maktabi” xodimlari va harbiy xizmatchilarining oylik maoshi oshadi.

“Temurbeklar maktabi” xodimlarining oylik maoshi:

- direktor va uning oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar, oʻquv boʻlimi xodimlari uchun — 5 barobar;

- toʻgarak (seksiya) rahbarlari va psixologlari uchun — 3 barobar;

- axborot-resurs markazi (kutubxona), axborotlashtirish va aloqa boʻlinmalari xodimlari, instruktorlar va laborantlar uchun — 2 barobar miqdorda oshiriladi.

Shuningdek, “Temurbeklar maktabi” da xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning pul taʼminotiga ularning lavozim maoshining 50 foiziga teng miqdorida har oylik ustama toʻlanadi.

6. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi oʻzgaradi.

Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulkka nisbatan notarial harakatlar asosida vujudga keladigan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi maʼlumotlar Reyestrga faqat davlat notarial idorasi orqali taqdim etilgan talabnomaga asosan kiritiladi va bir vaqtning oʻzida Reyestrdan koʻchirma beriladi.

7. Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi belgilanadi.

Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kiradi.

8. Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari xodimlariga oylik ustama haqi toʻlanadi.

Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi toʻlanadi.

9. Ish haqining eng kam miqdori oʻrniga yangi tushunchalar qoʻllaniladi.

Ish haqining eng kam miqdori oʻrniga:

- 577 170 soʻm miqdorida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori;

- 223 000 soʻm miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

- 223 000 soʻm miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etiladi.

10. Davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining maoshi oshiriladi.

Davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari yordamchilarining, oʻsishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlar boʻlgan bolalarga moʻljallangan guruhlarda ishlaydigan tarbiyachilar, pedagog xodimlar va tibbiyot xodimlari yordamchilarining lavozim maoshlari va bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi.

11. Ayollar uchun nikoh yoshi oʻzgaradi.

Oʻzbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi bir xilda oʻn sakkiz yosh etib belgilanadi.

12. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar elektron shaklda topshiriladi.

Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

13. Yangi telekanal ishga tushadi.

“Oʻzbekiston tarixi” telekanali oʻz faoliyatini boshlaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 1-sentyabrdan nimalar oʻzgaradi?