13:25 / 05.09.2019
3 507

O‘zbekistonning Kishinyov konvensiyasiga qo‘shilishi nima beradi?

O‘zbekistonning Kishinyov konvensiyasiga qo‘shilishi nima beradi?
O‘tgan hafta dushanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi «Kishinyov shahrida 07.10.2002 yilda tuzilgan fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam va munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zo bo‘lish to‘g‘risida»gi yangi Qonunni imzoladi. Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtga qadar O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan huquqiy yordam masalalari bo‘yicha munosabatlari 1993 yil 22 yanvardagi fuqarolik oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam va munosabatlar to‘g‘risidagi Minsk konvensiyasi asosida amalga oshirib kelinmoqda edi.

Kishinyov konvensiyasi real ta’sirga ega va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynagan xalqaro kelishuvlardan biri bo‘lgan Minsk konvensiyasining takomillashgan muqobilidir.

Bugungi kunda xalq bilan muloqotni rivojlantirish, fuqarolarning odil sudlovga to‘sqinliksiz erishishini ta’minlash, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini takomillashtirish, O‘zbekistonning yon-atrofida ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan kelib chiqqan holda Kishinyov konvensiyasiga a’zo bo‘lish mamlakat hukumati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish imkonini beradi.

Kishinyov konvensiyasi kompleks xarakterga ega bo‘lib, huquqiy himoyadan foydalanish tartibini belgilab beradi, o‘zaro huquqiy yordamning turli shakl va ko‘rinishlari, uni ko‘rsatish, shuningdek sud qarorlarini o‘zaro e’tirof etish va ijro etish tartibi va shartlarini o‘z ichiga oladi.

Minsk konvensiyasidan farqli o‘laroq, Kishinyov konvensiyasiga qo‘shilish quyidagilarga imkon yaratadi:

- iqtisodiy masalalarni hal etishga doir ishlarni tartibga soladi;
- Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning vakolatli organlari tomonidan bevosita munosabatini amalga oshiradi;
- alohida hollarda faksimile aloqa bo‘yicha yoki kommunikatsiya vositalarining boshqa turlaridan foydalangan holda topshiriqlarni yuboradi;
- fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha ekspertizalarni tashkillashtirish va o‘tkazishda huquqiy yordam ko‘rsatadi hamda ularni amalga oshirish va moliyalashtirish tartibini reglamentga soladi va h.k.

Umuman olganda, ushbu Konvensiyaga qo‘shilish aloqalarni nomarkazlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, huquqni muhofaza qilish va boshqa organlardan kelib tushadigan murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish, sud jarayonlarining cho‘zilishini oldini olish, hamda pochta harajatlarini yo‘q qilish va vaqtni tejash imkonini beradi.

Masalan, Minsk Konvensiyasi doirasida bitta so‘rovni ko‘rib chiqish amaliyotda 3 oydan 6 oygacha vaqtni talab etadi. Vakolatli organ, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi so‘rovni Qozog‘iston Respublikasining vakolatli organlariga yuborish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga jo‘natadi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga, u yerdan esa, Qozog‘iston Respublikasining vakolatli sudlariga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Kishinyov Konvensiyasiga qo‘shilishi ortiqcha bo‘g‘inlar soni va huquqiy yordamga oid so‘rovlarni ko‘rib chiqish muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Shuningdek, mazkur Konvensiyaga a’zo mamlakatlar fuqarolariga ko‘rsatiladigan huquqiy yordam ro‘yxati ham kengaymoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonning Kishinyov konvensiyasiga qo‘shilishi nima beradi?