22:10 / 22.10.2019
2 825

Abdulla Aripov Moskvada o‘tayotgan forumda O‘zbekistondagi internet tezligi haqida gapirdi

Abdulla Aripov Moskvada o‘tayotgan forumda O‘zbekistondagi internet tezligi haqida gapirdi
Moskvadagi «Ochiq innovatsiyalar - 2019» forumida ishtirok etayotgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.

Forum moderatori, fizika-matematika fanlari doktori Ivan Oseledets bosh vazirga yuzlanarkan, so‘zini O‘zbekistonning ming yillik tarix va ajoyib oshxonaga ega mamlakat ekanini e’tirof etishdan boshladi. So‘ngra aksariyat tanishlari O‘zbekistonni hech qanday ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan, raqamli sivilizatsiyadan charchaganlar rohatlanib dam olishi mumkin bo‘lgan mamlakat deb bilishini aytdi.

«Respublika mustahkam raqamli taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. O‘zbekiston bu sohada nimalarni asosiy vazifa deb biladi?», deya savol berdi u.

«Albatta, O‘zbekistonda bo‘lmaganlar shunday fikrlasa kerak. Birinchidan, O‘zbekiston zamon bilan, dunyo bilan teng qadam tashlamoqda, birgalikda rivojlanmoqda. Bizda ham raqamli texnologiyalar rivojlanib boryapti va biz boshqalar bilan oramizdagi farqni qisqartirish uchun harakat qilmoqdamiz», – dedi Abdulla Aripov unga javoban.

Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, raqamli infrastruktura bilan ta’minlanganlik borasida mamlakatlar o‘rtasidagi farq va notenglik saqlanib qolmoqda. Xalqaro elektr aloqa ittifoqining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 40 foizdan ortig‘i internetdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

«Biz mamlakat aholisining yarmi istiqomat qiladigan qishloq joylarni raqamli imkoniyat bilan ta’minlash muammosiga to‘qnash kelganmiz. Menimcha, bu muammo ko‘plab davlatlarda mavjud. Ushbu muammoni hal qilish uchun respublikada raqamli infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha maxsus prezident dasturi amalga oshirilmoqda.

Xususan, kelgusi yil oxirigacha, mamlakatdagi barcha ijtimoiy ob’ektlar, xususan maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va tibbiyot muassasalari, ya’ni 20 mingdan ortiq ob’ektlar optik tolali aloqaga asoslangan keng polosali internet bilan qamrab olinadi.

Mobil tarmoqlar abonentlari sonini 20-23 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan», – dedi Aripov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan 5G mobil tarmog‘ini 2020 yilda Toshkent shahrida tijoriy ishga tushirish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri – mutaxassisligi bo‘yicha elektroaloqa muhandisi. U uzoq yillar mazkur sohada rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Abdulla Aripov Moskvada o‘tayotgan forumda O‘zbekistondagi internet tezligi haqida gapirdi