08:30 / 25.11.2019
2 558

O‘zgarayotgan O‘zbekistonning muammolari: saylov debatlari

O‘zgarayotgan O‘zbekistonning muammolari: saylov debatlari
O‘zbekiston, qattiq avtoritarizmdan, diktaturadan voz kechishga intilar ekan, uning eski ko‘nikmalariga ehtiyoj qolmaydi, yangi malaka shakllantirish esa – ancha mashaqqatli bo‘ladi. Jumladan, saylovlarni tashkil qilish, partiyalarni rivojlantirish, kuchli parlament shakllantirish borasida ham, muammolarning ko‘lamini ko‘ryapmiz.

Ko‘pgina do‘stlarimiz, parlament saylovlaridagi debatlardan nihoyatda qoniqmayotganini, debatlar saviyasi mislsiz past ekanligini urg‘ulashmoqda. Men ham vaqt topib, debatlarni ba’zilarini kuzatdim. Muammolar haqiqatda serob. Bu muammolar, bamisoli, 27 yil gapirmasdan eshitgan odamning to‘satdan tilga kirib, omma oldida gapirishga harakat qilayotganini eslatadi. Odam o‘zining tasavvurida, fikrlarini tiniq va jo‘n gapirayotgandek. Lekin, omma ko‘z o‘ngida, u g‘alati ko‘rinadi, so‘zlari va fikrlari jo‘yali chiqmaydi, fikrlarini yo‘qotib qo‘yadi, duduqlanadi.

O‘zbekistonda partiyalar qurilishi juda mo‘rt. Partiyalarga, shu paytgacha siyosiy tizim vitrinasida turib, ovoz chiqarmasdan og‘iz qimirlatish, pantomima ko‘rsatish topshirig‘i berilgan edi. Partiyalar va deputatlar, o‘tgan 27 yil davomida ertalabdan kechgacha «demokratiya va plyuralizm» teatrini ijro etishdi. Bu sahnalar, obrazlar, qiliqlar juda kuchli o‘zlashtirilgan edi, har bir aktyor o‘z rolini mahorat bilan o‘zlashtirgan edi. Endi esa, partiyalarga bu rollardan chekinishni, oz-ozdan bo‘lsada, real rollarni o‘ynashni aytishdi. Yangi vaziyat, yangi rollar: partiyalar qiynalishmoqda.

Debatlar juda noto‘g‘ri tashkillashtirilgan. Professionallik yo‘q. Havaskorlik ustun! Tashabbus asosan partiyalarning yoshlari va norasmiy vakillari qo‘lida. Savollarga javob berayotgan partiya vakillarida, arzon ehtiroslarni qo‘zg‘ash, arzon populizmga murojaat nihoyatda ustun. Partiya mutasaddilarining ishtiroki kam. Ko‘tarilayotgan muammolar – ancha yuzaki. Meni nazarimda, debatlarni quyidagicha tashkil qilish mumkin edi.

Bir kun, debatlarda faqat partiyalarning liderlari bo‘ladi, va ularga, oldindan kelishilgan konkret masalalardan savollar beriladi, partiyalar o‘rtasida faqat shu mavzular doirasida bahslar bo‘ladi. Har safar, juda aniq va juda dolzarb masalalar olinadi. Masalan, o‘qishlardagi kontraktlar muammosi; administrativ islohotlar: hokimlarni tayinlash yeki saylash; YeOIIga a’zolik borasidagi qarashlar va h.k. Ya’ni, har bir jiddiy masalaga partiyalar jiddiy tayyorlanib kelishi, va o‘z pozitsiyalarini tushuntirishi, uni himoya qilishi nazarda tutiladi.

Boshqa kun, aniq bir saylov uchastkasining besh partiyadan nomzodlari bilan, aniq mavzular borasida bahs uyushtiriladi. Debatlarni olib borish, tashkillashtirish, to‘liq professionallarga topshiriladi. Partiyalar va tashkilotchilar esa, arzon ehtiroslarga, arzon populizmga yo‘l qo‘ymasdan, debatlarni imkon qadar professional o‘tkazishga harakat qilishadi.

Partiyalarning bugungi zaifligi – ularning aybi emas, avtoritarizmning aybi, lekin jamiyat uchun katta yo‘qotish hisoblanadi. Vaziyatning og‘irligi shundaki, O‘zbekistonning ijtimoiy muammolari, 10-20-30 yildan keyin emas, shu bugungi kunda kuchli, malakali partiya va parlamentlarga buyurtma beryapti.

Kamoliddin Rabbimov

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zgarayotgan O‘zbekistonning muammolari: saylov debatlari