Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks loyihasi eʼlon qilindi

  • 04 dekabr 2019, 16:16
  • 828
  • O‘zbekiston
  • Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks loyihasi eʼlon qilindi
    Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksi loyihasi eʼlon qilindi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

    Qayd etilishicha, maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid qonun hujjatlari qonuniylik, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, odillik, tekshirish, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, shaxsiy daxlsizlik va mulk daxlsizligi prinsiplariga asoslanadi.

    Qonuniylik prinsipi
    Kodeksda belgilangan tartib va asoslarda koʻrsatilganidan boshqacha tarzda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida ish yuritish, maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortish, taʼsir choralarini qoʻllash mumkin emas.

    Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar) Kodeks talablariga amal qilishi shart. Ushbu organlar (mansabdor shaxslar)ning maʼmuriy taʼsir choralarini qoʻllashi ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

    Qonun oldida tenglik prinsipi
    Jismoniy shaxslar maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka jinsi, irqi, millati, tili, kelib chiqishi, mulkiy yoki mansabdorlik holati, yashash joyi, dinga munosabati, nodavlat notijorat tashkilotlariga mansubligidan qatʼi nazar tortiladilar.

    Yuridik shaxslar maʼmuriy huquqbuzarlik sodir qilganlik uchun mulk shakli, joylashgan joyi, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladilar.

    Insonparvarlik prinsipi
    Maʼmuriy jazo maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamaydi.
    Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda shaxsning shaʼnini yerga uradigan va qadr-qimmatini kamsitadigan qarorlar va harakatlar qilish taqiqlanadi, shaxsiy hayot toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qoʻllash va tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Odillik prinsipi
    Maʼmuriy jazo chorasi odilona boʻlishi, yaʼni maʼmuriy huquqbuzarlikning ogʻir-yengilligiga, aybning va shaxsning qonunga xilof harakati yoki harakatsizligi darajasiga muvofiq boʻlishi kerak.
    Hech qaysi shaxs bitta maʼmuriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

    Tekshirish prinsipi
    Ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshirishi shart.

    Zarurat boʻlganda, ishni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz tashabbusi bilan qoʻshimcha dalillar yigʻishga haqli.

    Ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi
    Maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan shaxs aybi isbotlangan maʼmuriy huquqbuzarlik uchungina javobgar boʻladi.
    Qilmishida maʼmuriy huquqbuzarlik tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi shart.

    Shaxsiy daxlsizlik
    Hech kim asossiz ravishda maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turilishi, shaxsni va narsalarni koʻzdan kechirish uchun vakolatli organga keltirilishi mumkin emas.
    Maʼmuriy qamoqqa olish jazosi mazkur Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda faqatgina sud qarori bilan qoʻllanilishi mumkin.

    Mulk daxlsizligi
    Hech kim oʻz mol-mulkidan sud qarorisiz mahrum qilinishi mumkin emas. Ashyolarni koʻzdan kechirish, ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish, transport vositalarini boshqarishdan mahrum qilish, transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish faqat ushbu Kodeks va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda koʻrsatilgan hollarda va tartibda oʻtkazilishi mumkin.

    Maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish
    Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga, fuqarolarni ongli, intizomli boʻlish, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan tadbirlar ishlab chiqadilar va ularni amalga oshiradilar.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ham muvofiq qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrib, oʻz hududlarida barcha davlat organlari va jamoat birlashmalarining maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirib turadilar, ichki ishlar organlari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar hamda ularga hisobdor maʼmuriy huquqbuzarlik bilan kurash olib boruvchi boshqa organlar faoliyatiga rahbarlik qiladilar.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining amal qilishi
    Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilib turuvchi qonun hujjatlari asosida javobgarlikka tortiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi ostidagi yoki Oʻzbekiston Respublikasining portida roʻyxatga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv boʻshligʻida boʻlgan kemada maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladi.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, yaʼni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega boʻlmaydi.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotgan vaqt amal qilib turgan qonun hujjatlari asosida yuritiladi.
    Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilib turuvchi qonun hujjatlari asosida javobgarlikka tortiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi ostidagi yoki Oʻzbekiston Respublikasining portida roʻyxatga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv boʻshligʻida boʻlgan kemada maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladi.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, yaʼni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega boʻlmaydi.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotgan vaqt amal qilib turgan qonun hujjatlari asosida yuritiladi.
    Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda oʻn olti yoshga toʻlgan, aqli raso jismoniy shaxslar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladi.

    Aqli rasolik
    Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish vaqtida oʻz harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy zararli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.

    Maʼmuriy huquqbuzarlik harakat yoki harakatsizlik sodir etgan vaqtida aqli norasolik holatida boʻlgan shaxs, yaʼni ruhiy holatining surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud boshqa xil kasallik oqibatida oʻz harakatining (harakatsizligining) ahamiyatini idrok eta olmagan yoki boshqara olmagan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

    Yuridik shaxslar maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarligi
    Yuridik shaxslar ushbu Kodeksda belgilangan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortiladilar.

    Agar maʼmuriy huquqbuzarlik yuridik shaxsning boshqaruv organlari qaroriga binoan emas, balki uning mansabdor shaxsi yoki xodimining tashabbusi bilan sodir etilsa va bu harakatlar tashkilot uchun biron-bir imtiyoz yoki afzalliklarni olib kelmasa, yuridik shaxs emas, balki ushbu huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxsning oʻzi maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

    Bitta huquqbuzarlik yuzasidan yuridik shaxs yoki uning mansabdori tortilishi mumkin.
    Yuridik shaxslar qayta tashkil etilganda qonunda belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan javobgarlikka tortiladilar.

    » » Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks loyihasi eʼlon qilindi