15:58 / 08.12.2019
3 497

Prezident jamoatchilik nazorati va soʻz erkinligi haqida: “Bundan koʻra samarali vosita yoʻq”

Prezident jamoatchilik nazorati va soʻz erkinligi haqida: “Bundan koʻra samarali vosita yoʻq”
7 dekabr kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident oʻz nutqida Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻqligiga urgʻu berdi.
«Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini taʼminlash qiyin boʻladi.

Bugun jamoatchiligimiz tom maʼnoda uygʻondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, oʻz fikrini erkin ifoda etishga oʻrganmoqda.

Yakunlanayotgan yilda Davlat byudjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir soʻmni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq koʻrsatib berildi.

Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.

Yoki koʻpchiligingiz xabardorsiz, keyingi paytda joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketgan edi. Bu odamlarning noroziligiga sabab boʻldi. Shuning uchun yaqinda daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy eʼlon qilindi. Bu ham jamoatchilik fikri qanday kuchli taʼsirga ega ekaniga misol boʻla oladi.

Bularning bari odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan masʼuliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini koʻrsatadi.
Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati “bir tomonlama vosita”ga aylanib qolmasligi kerak.

Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki oʻzlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis koʻrib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini oʻzgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.

Yana bir masalaga diqqatingizni jalb qilmoqchiman.
Konstitutsiyaga asosan sudlar oʻz faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq boʻlishi kerak.

Sudlar va tergov idoralari biron-bir ish yuzasidan chiqarilgan qaror boʻyicha fuqarolarning jamoaviy murojaatlariga tushuntirish va huquqiy izohlar berishi zarur.

Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.

Shuning uchun Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kelgusi yilda har bir soha va tarmoq boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning taʼsirchan tizimini yaratishga bosh-qosh boʻlishi va tashabbus koʻrsatishi lozim.

Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat koʻrsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida boʻlishi darkor», dedi davlat rahbari.

Prezident ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat koʻzgusi”ga aylanishi kerakligini taʼkidladi.
«Soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar oʻtgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni koʻrsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni oʻz ishini qonuniy asosda toʻgʻri tashkil etishga undamoqda.


Shu sababli ham davlat organlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamoatchilikka toʻliq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi.

Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga oʻrganishi kerak.
Maʼlumki, bugungi kunda anʼanaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol oʻynamoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida biz fuqarolarning soʻz erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda toʻliq taʼminlashimiz zarur. Buning uchun esa birinchi galda ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak va biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz.

Shu munosabat bilan jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham yagona bir maqsadga, yaʼni xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratilganini hammamiz birdek anglashimizni istardim.

Har bir davlat organi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifasiga ega boʻlishi, amalga oshirayotgan ishlari haqida, kerak boʻlsa, har kuni batafsil maʼlumot berib borishi shart.

Yana bir marta takrorlayman, Oʻzbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident jamoatchilik nazorati va soʻz erkinligi haqida: “Bundan koʻra samarali vosita yoʻq”