O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi

  • 19 dekabr 2019, 23:13
  • 567
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi
    Tokioda O‘zbekiston va Yaponiya prezidentlari o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladi.

    Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida soliq va bojxona sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imzolangan bitimlar almashildi.

    Bulardan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida iqtisodiyot, sanoat, turizm, ilm-fan, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehnat migratsiyasi, ta’lim va sport sohalarida, hududlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘ndan ziyod hujjat qabul qilindi.

    Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

    Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va yanada kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

    – Bugun siyosiy, parlamentlararo aloqalar, savdo va investitsiya, innovatsiya, kichik va o‘rta biznes, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qildik hamda muhim kelishuvlarga erishdik, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Tashrif doirasida Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan yirik loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolandi. Bu loyihalar avvalo Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yutuqlarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga joriy etishga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir.

    Yaponiya Bosh vaziri, o‘z navbatida, Prezident Mirziyoyev rahbarligida mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Imzolangan salmoqli hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    - Biz janob Prezident bilan, Qo‘shma bayonotga asoslanib, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni hamma sohalarda rivojlantirish bo‘yicha yelkadosh bo‘lib ishlaymiz, - dedi Sindzo Abe.

    Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi yana bir bor tasdiqlandi.

    » » O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi