14:45 / 17.01.2020
3 047

«Chet elliklar Samarqand-u Buxoroni bilishadi, lekin…» – O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi

«Chet elliklar Samarqand-u Buxoroni bilishadi, lekin…» – O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi
Turizm elchilarini tayinlash – so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini dunyoga tanitishda qo‘llayotgan yangi yondashuvlardan biri. Xo‘sh, turizm elchilarining vazifalari o‘zi nimalardan iborat? Ularning mamlakatimizga qiziqishi haqiqatanam ham yuqorimi? Tayinlangan elchilar O‘zbekiston haqida qanchalik to‘liq ma’lumot ega?

Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida, Londonga safarimiz davomida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson bilan suhbatda bo‘ldik.

Ma’lum bo‘lishicha, Ibbotson xonim o‘n yildan buyon o‘zbeklar turmushi va madaniyatiga qiziqib keladi hamda tez-tez O‘zbekistonga borib turadi. U O‘zbekistonga sayohat qilishga oid qo‘llanma muallifi bo‘lib, bu kitob hozirgacha uch marta nashrdan chiqqan va o‘z yo‘nalishida eng ko‘p sotiluvchi ingliz tilidagi qo‘llanma hisoblanadi.

«Mening Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi sifatidagi rolim O‘zbekistonning boshqa davlatlardagi turizm elchilaridan farq qiladi. Chunki men bu yerda ham maslahatchi, ham marketingni shakllantirishga mas’ul shaxs sifatida ishlayman. O‘zbekiston boshqa davlatlarga tayinlagan turizm elchilarining aksariyat qismi katta nufuzga ega mashhur odamlardir. Ular omma orasidagi mashhurligidan foydalanib, O‘zbekistonni dunyoga tanitishga harakat qilishadi. Menda esa holat biroz boshqacha, men bu qadar taniqli emasman. Biroq turizm bo‘yicha mutaxassisligim va Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishim sabab bu lavozimga tayinlanganman», – deydi Sofi Ibbotson.

– O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlariga bo‘lgan bu qiziqish sizda qanday paydo bo‘lgan?
– Ochig‘i, o‘zim ham bilmayman, to‘g‘risini aytsam. Meni va oilamni Markaziy Osiyo davlatlari bilan madaniy jihatdan bog‘lab turuvchi o‘ziga xos zanjirlar bor. Oila a’zolarimning ko‘pchiligi Janubiy Osiyo mintaqasidan, universitetda ham xorijiy til sifatida shu hudud tillarini o‘rganganman. Hatto Markaziy Osiyo to‘g‘risida hali ko‘p narsa bilmagan vaqtlarimda ham mintaqaga qiziqib, dissertatsiyamni hududga aloqador mavzuda – tasviriy san’at rivojlanishi haqida yozganman.

Ma’lumki, Hindistonda o‘sha davrlarda yaratilgan ko‘plab yodgorliklar Temuriylarga xos uslubdagi tasviriy san’at namunalari bilan bezatilgan. Shunday ekan, men Markaziy Osiyo mintaqasiga Hindistonda bo‘layotgan rivojlanishlarning turtki beruvchi asosi sifatida qarardim. Bundan tashqari, hudud menda ilmiy jihatdan ham qiziqish uyg‘otgandi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ishlashni 2008 yilda boshlaganman. Universitetni tamomlaganimdan keyin Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda ishlashga kirishdim va u yerga ko‘chib bordim. Qirg‘iziston menda har tomonlama ulkan qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa-da, madaniy jihatdan va urf-odatlarining rang-barangligi bilan O‘zbekiston doim meni o‘ziga tortib turardi. U yerda ishlash imkoni tug‘ilishi bilanoq o‘zbek kompaniyalari va hukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydim.

Chunki yurtingizning salohiyati har tomonlama yuqori ekanini bilardim. Bu nafaqat yuqori madaniyat, balki iqtisodiy o‘sish suratlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Shunday ekan ishonchim komilki, biz turizmni rivojlantirish orqali faqat sohanigina emas, unga qo‘shib iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini ham o‘stirishimiz mumkin.

– O‘zbekistonga birinchi tashrifingizni xotirlay olasizmi? U sizda qanday taassurot uyg‘otgan? Mamlakat uni 2008 yilda bilgan vaqtingizga nisbatan qay darajada o‘zgargan?
- Albatta, O‘zbekistonga ilk tashrifimni yaxshi xotirlayman. O‘shanda Britaniyadan Afg‘onistonga mashinada yo‘lga chiqqandim. Yo‘lda men hududini kesib o‘tgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston shubhasiz eng diqqatga sazovori bo‘lgan.

Toshkent, Samarqand va Shahrisabz bo‘ylab yurib, Tojikiston hududiga o‘tgandim. Bilasizmi, bir necha kunlab Qozog‘iston cho‘llarida avtomashinani boshqarib, yo‘lda na tunashga joy, na yeyish uchun biror mazali yegulik va na e’tiborni tortadigan biror qiziqarli narsa topmagach, Toshkentga kelib Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrini ko‘rish, keyin esa Samarqandga borib, uning jozibasidan bahra olish juda ajoyib bo‘lgandi. Samarqandning betakrorligidan hayratga tushgandim o‘shanda. Qayerga bormay, odamlar meni xush kayfiyatda, ochiq yuz bilan kutib olishgandi.

O‘zbekistonda menga ko‘rsatilgan iliq munosabatni boshqa yerda ko‘rmaganman. Bu menga qattiq ta’sir qilgan, ochig‘ini aytsam. O‘sha vaqtlardayoq bu yerga yana qaytib kelishni, mamlakatni o‘zim uchun to‘laroq kashf qilishni maqsad qilib qo‘ygandim. Umid qilamanki, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishda ozmi-ko‘pmi o‘z hissamni qo‘sha oldim.

– Odamlar, xoh Britaniyada bo‘lsin, xoh boshqa yerda, sizga O‘zbekiston to‘g‘risida eng ko‘p qanaqa savollarni berishadi?
– Odamlar asosan «U yer xavfsizmi?» deb so‘rashadi. Hududdagi davlatlarning nomi o‘xshashligi va Afg‘onistondagi muammolar sabab O‘zbekistonda ham xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar bor, deb o‘ylashadi. Men esa ularga doim O‘zbekiston sayyohlar uchun, jumladan ayol sayohatchilar uchun ham mutlaqo xavfsiz davlat ekanini ta’kidlab kelaman. U yerga xoh yolg‘iz, xoh guruh bo‘lib sayohatga borgan turistlar hech qanday hatar haqida o‘ylamasalar ham bo‘ladi. Agar bilsangiz, bu – juda muhim jihat. Chunki Parij yoki Milan kabi shaharlarga boradigan sayyohlar kissovurlarga duch kelishdan, yoki mayda bezoriliklarga uchrashidan xavfsirab turadi odatda.

Shaxsan men hech qachon O‘zbekistonda biror turistning hujumga uchragani, tunab ketilgani haqida eshitmaganman. Shunday ekan, men atrofimdagilarga O‘zbekiston mutlaqo xavfsiz, deb bemalol ayta olaman.

Bundan tashqari, odamlar yana mendan O‘zbekistonda ko‘rishga arzirli qanaqa joylar bor, deb so‘raydi. Men ularga YUNЕSKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva haqida so‘zlab bersam, ular bu joylar haqida eshitganini ta’kidlashadi. Ammo ular bu shaharlarning aynan O‘zbekistonda ekanidan bexabar.

Bizning asosiy vazifamiz – odamlarga shu ma’lumotlarni yetkazishdan iborat. Ular O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining yuragida joylashganini, Samarqand va Buxoro kabi shaharlar esa O‘zbekistonning bir qismi ekanini bilishlari lozim. Chunki, aytib o‘tganimdek, ko‘pchilikning bundan xabari yo‘q.

O‘zbekistonning zamonaviy tarixini o‘tmishi bilan, e’tiborga molik joylari bilan bog‘lay olishimiz juda muhim. Misol uchun, odamlar Toj Mahalga bormoqchi bo‘lsa, u Hindistonda ekanini yaxshi biladi. Xuddi shunday, agar ular Registonga kelmoqchi bo‘lsa, uning O‘zbekistonda joylashganidan xabardor bo‘lishlari lozim. Bu – marketing orqali hal etiladigan masala, ya’ni ular ko‘rmoqchi bo‘lgan joylar O‘zbekistondaligini ularga yetkazishimiz kerak.

Suhbat davomida Sofi Ibbotson O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlanishi qanday ro‘y bergani, bu lavozimdagi vazifalariga nimalar kirishi, xalqaro maydonda O‘zbekistonning imijini oshirishga qaratilgan loyihalari, fevral oyida qator xorijlik jurnalistlarlarni O‘zbekistonga olib kelayotgani, mamlakatning turizm salohiyati va boshqa masalalarga ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Chet elliklar Samarqand-u Buxoroni bilishadi, lekin…» – O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi