Amerika e’tirofi: O‘zbekiston ilm beradigan va xavfsiz sayohat qilinadigan davlatga aylandi

  • 22 yanvar 2020, 08:18
  • 727
  • O‘zbekiston
  • Amerika e’tirofi: O‘zbekiston ilm beradigan va xavfsiz sayohat qilinadigan davlatga aylandi
    Foto: www.hvy.com
    O‘tgan yilning 16-17 oktabr kunlari Samarqand shahrida “Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global omillar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilgan edi. Unda AQSHlik taniqli akademik va ixtirochi Efroim Gurman ham qatnashib, ma’ruza qildi. Akademik AQSHning www.hvy.com saytiga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekistonda olgan taassurotlari, ilm-fanni rivojlantirish borasida mamlakatimizda qilinayotgan sa’y-harakatlar hamda kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan amaliy ishlar haqida fikrlarini bildirib o‘tdi. Quyida ana intervyuni e’tiboringizga havol qilamiz.

    — Muhim ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga borganingizdan xabardorman. Unda nimalar muhokama qilindi?
    — Meni BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan tashkil etilgan muhim xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilishdi.

    Anjuman O‘zbekistonda, Samarqand davlat universitetida o‘tkazildi. O‘zbekistonga Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lib saylangunga qadar Markaziy Osiyoning ushbu davlati yopiq mamlakat edi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mazkur anjumanning o‘tkazilishi ham ana islohotlarning samarasidir. Birinchi marta tashkil etilgan anjumanga 12 mamlakatdan olimlar, jumladan, Markaziy Osiyo ilmiy elitasining vakillari ham tashrif buyurdi.

    Anjumanning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’uli Guxer Shunger hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alisher Shukurov ma’ruza qildi.

    Insoniyat uchun oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga yechim topish borasida olimlarning bir joyga jamlanishi meni yangi izlanishlarga ruhlantirdi.

    Bundan tashqari, anchadan beri meni O‘zbekistonga taklif qilib kelgan akademik hamkasblarim bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu paytgacha buni imkoni bo‘lmayotgandi. Ushbu anjumanga meni taklif qilgan va safar davomida yordam bergan akademik Bakriddin Zaripovga alohida minnatdorlik bildiraman.

    — Ushbu konferensiyada sizni e’tiboringizni nima jalb qildi? Unda sizning taqdimotingiz qanday kutib olindi?
    — Men O‘zbekistonga borishni rejalashtirganimda, munozaraning asosiy mavzusi cheklangan oziq-ovqat manbalari, ochlik va shu kabi mavzular bo‘lishini kutgan edim. Men avvaldan mavjud bu muammoning katta muxlisi emasman. Aslida, amerikalik bo‘lganim uchun mening asosiy tashvishim biroz teskarisi edi — semizlik, sanoat mamlakatlarida oziq-ovqat mahsulotlarining sifatsizligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan.

    Shu bois meni tushunmasliklaridan hadiksiragan edim. Ammo kutilmaganda mening taqdimotim katta qiziqish bilan qabul qilindi. Mening g‘oyamga samimiy qiziqish, tadqiqotimni ushbu yo‘nalishda olib borishga ruhlantirdi. Bir muncha vaqt davomida men sanoat davridagi ovqatlanishdagi nuqsonlarni qoplashi kerak bo‘lgan parhez qo‘shimchalari ustida ishladim va bu boradagi eng muhim fikrlarni birinchi marta Samarqandda, hamkasblarim oldida ma’lum qildim. Bunday yuqori ilmiy doira vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganimdan so‘ng, ushbu mavzu bo‘yicha tegishli monografiya ustida ishlay boshladim.

    — Ushbu tashrifingizdan mamnun ekanligingizni O‘zbekistonda taqdimotingiz muvaffaqiyatli bo‘lganligida ko‘rdim. Yana boshqa sabab ham bormi?
    — Ha. Birinchi navbatda, biznes va ilmdan tashqari, G‘arb aholisi uchun bu mamlakatning ochiqligi meni hayratga soldi. O‘zbekiston asosan musulmon davlatdir va menimcha, amerikaliklar O‘zbekiston kabi xavfsiz sayohat qila oladigan davlatlar ko‘p emas. Musulmon sivilizatsiyasining dastlabki bosqichlari bilan bog‘liq ko‘plab diqqatga sazovor joylar mavjud va ko‘pincha masjid yonida cherkov va ibodatxonani ko‘rasiz. U yerdagi odamlar juda do‘stona.

    Bir yarim ming yillik tarixga ega go‘zal qadimiy obidalar menda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular juda yaxshi holatda saqlanmoqda. Meni hayratga solgan narsa: binolarning aksariyati ilmiy va o‘quv maqsadlar uchun qurilganligi bo‘ldi. Ilgari biz musulmon davlatlari zamonaviy texnologiyalar, fan va tadbirkorlik sohasida kam rivojlangan deb o‘ylardik. Ammo O‘zbekistonda o‘rganish va kashf etishga ishtiyoq yuqoriligini, bu odamlarning asosiy maqsadi ekanligini ko‘rdim. Bundan tashqari, O‘zbekistonda hamma joyda yoshlarni uchratasiz. U yoshlar mamlakati. Va yoshlarning aksariyati ilm olishni xohlashadi. O‘zbekistonda oldingi avlod vakillari rus tilida qanday gaplasha olsa, bugun ko‘plab yoshlar ingliz tilida bemalol muloqot qila oladi.

    Ko‘plab yoshlar ta’lim olish uchun boshqa davlatlarga ketmoqdalar. Menimcha, ularning aksariyati o‘z bilimini Vataniga qo‘llash uchun qaytib keladi. Nazarimda, anjuman mezboni — Samarqand milliy universiteti bu borada ko‘plab ijobiy qadamlarni tashlamoqda.

    — Ushbu universitetning o‘ziga xosligi nimada?
    — Birinchidan, u dunyodagi eng qadimgi universitetlardan biri. Ta’lim muassasasi shahar markazida, chiroyli xiyobonda joylashgan. Universitet rahbari juda ajoyib inson. Professor Rustam Xolmurodov o‘z g‘oya va tashabbuslari bilan universitetda ta’lim sifatini oshirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda Men ushbu universitetning zamonaviy voqelikka mos ravishda yangi davrga o‘tish yo‘llari haqidagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlayman. Biz bu haqda juda samarali suhbat qildik. Rustam Xolmurodovning g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishda kamarbasta ajoyib jamoasi bor. Masalan, biologiya fakulteti dekani, professor Xudoyor Keldiyorov, fiziologiya kafedrasi mudiri, professor Mirzohid Qo‘ziyev va boshqalar.

    Keyingi yillarda ta’lim va fan sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda SamDU yetakchilik qilib kelmoqda. SamDU dunyoning taniqli universitetlari reytingi — “World University Rankings Quacquareli Symends, Times High Education”da eng yaxshi 500 ta ta’lim muassasalari orasida o‘z o‘rnini egallashi kerak va men umid qilamanki bu amalga oshadi.

    — Qaytib kelganingizdan so‘ng o‘zbekistonlik hamkasblar bilan muntazam aloqa davom etmoqdami?
    — Ha, albatta. Hozir biz muntazam hamkorlikda ishlayapmiz. Ba’zi tadbirlarni birgalikda o‘tkazish borasida kelishib olganmiz. Masalan, talabalarga O‘zbekiston va AQSHda bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berish uchun o‘zaro harakatlarning dastlabki qadamlarini tashladik. Bundan tashqari, SamDU biologiya fakulteti AQSH kompaniyalari bilan hamkorlikda farmatsevtik tadqiqotlar olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish choralarini ko‘rmoqda.

    Ma’lumot uchun: Akademik va ixtirochi Efroim Gurman Bruklin veterinariya klinikasining rahbari. U “Vet Vittles” kompaniyasining asoschisi. Biologiya sohasi bo‘yicha ko‘plab maqolalar va monografiyalar muallifi.

    » » Amerika e’tirofi: O‘zbekiston ilm beradigan va xavfsiz sayohat qilinadigan davlatga aylandi