15:13 / 21.02.2020
5 308

Koronavirusga qaramay O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni oshdi

Koronavirusga qaramay O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni oshdi
Yanvar oyida O‘zbekistonga 2659 nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2019 yilning yanvariga nisbatan 15,9 foizga ko‘p, deya xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.

2020 yilning yanvarida O‘zbekistonga 538 360 nafar chet ellik kelgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,1 foizga ko‘p. Ularning aksariyat qismi — 514 774 nafari, har doimgidek, MDH mamlakatlaridan. Uzoq xorijdan 23 586 kishi kelgan.

Birinchi o‘rinda — Qozog‘iston bo‘lib, u yerdan 164 100 kishi kelgan. Ikkinchi o‘rinni Tojikiston (137 298 kishi), uchinchi o‘rinni esa Qirg‘iziston (121 856 kishi) egallagan.

Turkmaniston (118,4 foizga), Bangladesh (200 foizga), Braziliya (266,7 foizga), Irlandiya (383,3 foizga), Shri-Lanka (600 foizga), Mo‘g‘uliston (1333,3 foizga) va Vetnamdan (1425 foizga) keluvchilar soni keskin oshgan.

Avvalroq koronavirus sabab O‘zbekiston xitoylik sayyohlarning bir qismini yo‘qotishi mumkinligi, boisi xitoyliklarga xorijiy tur-paketlar sotib olish va chet elda mehmonxonalarni bron qilish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Toshkentdagi mehmonxonalarning egalari koronavirusdan O‘zbekistonning turizm sohasi foyda ko‘rishi, Xitoyga safar qilish niyatida bo‘lgan sayyohlar endi boshqa mamlakatlarga, jumladan, O‘zbekistonga kelishi mumkinligini ta’kidlashgan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Koronavirusga qaramay O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni oshdi