13:32 / 26.02.2020
3 595

Kutilganidan ham samarali tashrif

Kutilganidan ham samarali tashrif
“Ilmlari, ijodlari bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir”.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bu mamlakatga 19-20 fevralda tashrif buyurgan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni shunday, nihoyatda camimiy va haroratli so‘zlar bilan qutlab, kutib oldi.

Turk birodarlarimiz “O‘zbekiston — bizning ota yurtimiz” deb e’tirof etishadi. Turkiya poytaxti — Anqaraning gavjum ko‘chalaridan uchtasi O‘zbekiston, 12 tasi Toshkent, 8 tasi Samarqand va 11 tasi Buxoro nomi bilan atalishi, bu yerdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitilayotgani, Istanbulda Abu-Rayhon Beruniy nomidagi universitetning borligi ham xuddi shundan guvohlik beradi.

Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bog‘lab, o‘zaro boyitgan. 2020 yilda O‘zbekistonda ulug‘ allomalar Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, 2020 yilda Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Turk tilini o‘rganish markazi ochilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida esa turk tili va madaniyati fakultetini ochish ko‘zda tutilgan. Yurtimizda turk adabiyoti va san’atiga qiziqish tobora ortib, ular ilmiy va ta’lim maskanlarida keng o‘rganilyapti. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ahmad Posho, Saydi Ali Rais Kotibiy, Toshlijali Yahyo, Hamdi Chalabiy singari buyuk shoirlar ijodini xalqimiz sevib o‘qiydi.

Davlatimiz rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasida “Turkiy adabiyot xazinasi” ruknida 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi. Ana shu ezgu tashabbusning ilk samarasi butun musulmon ¬olamining otashnafas shoiri bo‘lgan Yunus Emroning Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan “O‘lmas ko‘ngul” nomli yangi kitobi yaqinda o‘zbek tilida nashr etildi.

1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2017 yil oktabr oyida esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko‘taradigan Qo‘shma bayonot imzolangan edi.

Natijada davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Ushbu tashrif doirasida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba davlatlararo munosabatlarda mutlaqo yangi tashqi siyosat instituti — oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi tashkil etilib, o‘zaro aloqalarda uning yangi sahifasi ochildi.

Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, madaniyat, ta’lim, fan va texnika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash va boshqa o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.

Uning birinchi yig‘ilishida sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalarda mushtarak loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Turkiyalik ishbilarmon doiralari vakillarining yakdil fikriga ko‘ra, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi mamlakatlarimiz munosabatlari tarixida hali kuzatilmagan ruhda o‘tdi.

Keyingi uch yilda Turkiya bilan o‘zaro savdo aylanmasi ikki barobar oshib, 2,5 milliard AQSH dollaridan ko‘proqni tashkil etdi. 2020 yilda bu ko‘rsatkichni 3 milliard dollarga yetkazish ko‘zlangan. Yaqin yillar ichida tovar almashuvini 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud.

O‘zbek — turk qo‘shma shirkatlari soni qariyb mingtaga ko‘paydi. Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1300 dan ziyod korxonalar faoliyat yurityapti. Ularning 500 tasi birgina o‘tgan yilda tashkil etildi. Turk ishbilarmonlari bilan hamkorlikda 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotir. Bunda qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ¬rag‘batlantirilayotgani muhim omil bo‘lyapti.

Umuman, turkiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonga iqtisodiyotning barcha tarmog‘ida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganliklari, xalqimizda “islohotlar tafakkuri” shakllanayotganini mamnuniyat bilan qayd qilishmoqda.

Davlatimiz rahbari Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bir qator yirik kompaniyalar vakillari qatnashdi.
Baxcheshehir universiteti Vasiylik kengashi raisi Anvar Yujel ushbu uchrashuvdan nihoyatda mamnunligini quyidagi iliq fikrlari bilan bildirdi.

— O‘zbekistonda dastlab Toshkent shahrida bolalar bog‘chasidan tortib, universitetgacha bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz, — dedi A. Yujel. — Universitetimiz tibbiyot yo‘nalishida faoliyat olib boradi, uning yonida shifoxona quriladi. Ular bir-biri bilan bog‘liq bo‘ladi, nazariya va amaliyot uyg‘unlashadi. Ushbu majmualar binolarini tez fursatlarda qurishga rozilik oldik. Bir yil ichida o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘yamiz.

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda parlament diplomatiyasining o‘rni va roli tobora o‘sib borayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga a’zo bo‘lib kirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ham katta ahamiyatga ega.

2020 yil 23 aprelda Turkiya Buyuk millat majlisi tashkil topganining 100 yilligi tantanali nishonlanadi. Bir asr davomida Buyuk millat majlisi Turkiya siyosiy hayotining eng muhim instituti sifatida mamlakat mustaqilligining va demokratiyani ta’minlashning asosiy tayanchi vazifasini o‘tab kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Turkiyaning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha Parlamentlararo guruh tashkil etilgan. Har ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora kengayib va faollashib bormoqda.

Xalqaro maydonda O‘zbekiston ilgari surayotgan va rasmiy Anqara tomonidan to‘la ma’qullanayotgan Yoshlar huquqlari konvensiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida BMTning Yoshlar markazini tuzish taklifiga hamohangligi bilan ham e’tiborlidir. O‘z navbatida, O‘zbekiston Turkiyaning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida raislik qilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining shu yil Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi Anqarada turk tilida kitob shaklida nashr qilinganligi va ushbu rasmiy tashrif arafasida ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillariga ham tarqatilganligini alohida ta’kidlash kerak.

Turkiyalik fuqarolar uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani va yurtimizda ziyorat turizmiga qulay sharoitlar yaratilayotgani, Samarqand — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganligi sayyohlar oqimining ko‘payishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda Istanbuldan Toshkent va Samarqandga parvozlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida Buxoro shahriga ham parvozlar rejalashtirilgan. O‘tgan yilning o‘zida 64 ming turkiyalik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Tashrif dasturidan Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimi ham o‘rin olgan edi. Ma’rifat to‘yiga aylanib ketgan ushbu marosimda dunyodan ikki mingga yaqin mehmonlar — olimlar, yozuvchilar, ta’lim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari hozir bo‘ldi. Xorijiy oliy darajadagi yagona mehmon sifatida faqat birgina Shavkat Mirziyoyevning taklif etilgani O‘zbekiston xalqiga yuksak ehtirom namunasi, davlatimiz rahbarining kitobxonlikka, ma’rifatga alohida e’tiborining yorqin e’tirofi bo‘ldi. Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an buni alohida ta’kidladi.

Ma’rifat qasriga qiyos qilingan Xalq kutubxonasi Turkiya Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan. Ushbu majmua 125 ming kvadrat metr maydonni egallagan. 134 tildagi 4 million bosma, 120 milliondan ziyod elektron nashrlar, 550 ming elektron kitoblar, 1,2 million noyob audio fayldan iborat fondga ega kutubxona dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu ma’naviy boylik maskani Prezident qarorgohi — Jumhurbashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini ko‘rsatadi.

“Jahonnoma” zalini kutubxonaning yuragi deyish mumkin. Bu zal jahonning jug‘rofiy ramzi, buyuk sayyoh va yozuvchi Chelebiyning “Jahonnoma” asari timsolidir. Zaldagi 16 ustun turkiy xalqlar birligini anglatadi. Kutubxonada 2 millionta davriy matbuot ham bor. O‘quvchilar uchun 350 mutaxassis xizmat ko‘rsatadi. Ba’zi bo‘limlar dam olish kunisiz, 24 soat davomida ishlaydi. Eng e’tiborlisi, ushbu kutubxonada xalqimiz ma’naviy boyliklari bo‘lgan kitoblar ham saqlanadi. Bu O‘zbekiston tarixi, madaniyati, san’ati va badiiy adabiyotini xorijda keng targ‘ib qilishda muhim vosita bo‘ladi.

Tantanali marosimda Rejep Tayyip Erdog‘an kitobni do‘st, allomaga qiyosladi. Ya’ni yuzta kitob — yuzta alloma. Alloma esa fidoyilik. O‘zbekiston butun dunyoga ana shunday fidoyi, ma’rifatparvar buyuk allomalari — Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Naqshbandiy va boshqa juda ko‘p mutafakkirlari bilan mashhur.

— Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda, desak, adashmagan bo‘lamiz, — dedi davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida so‘zlagan nutqida. — Agar azim Anqara Turkiya mamlakatining toji bo‘lsa, ushbu kutubxona ana shu tojga o‘rnatilgan eng yorqin, eng go‘zal gavharlardan biri bo‘libdi. Bu tengi yo‘q ma’rifat qasri barchangizga, butun Turkiya xalqiga muborak bo‘lsin.

Prezidentimiz tarix sahifalariga nazar solinsa, xalqlarimizning madaniy hamkorligi olis davrlardan boshlanganini yodga soldi. Rum elida tug‘ilib kamolga yetgan Qozizoda Rumiy buyuk davlat arbobi va alloma Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining asoschilaridan biri bo‘lgan. O‘z navbatida, Mirzo Ulug‘bekning sadoqatli shogirdi, mashhur astronom va matematik Ali Qushchi hayotining so‘nggi yillarini Turkiyada o‘tkazgan va bu yurtda aniq fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ali Qushchining nabirasi Mirim Chalabiy ham bobosi singari atoqli alloma bo‘lib tanilgan va uning turk ilmiy-ma’rifiy muhitida ulkan xizmatlari bor.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda o‘ta noyob bo‘lgan “Usmon Mushafi”ning xattotlarimiz tomonidan ko‘chirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qo‘lyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro she’rlarining o‘zbek tiliga tarjimasi jamlangan “O‘lmas ko‘ngul” deb nomlangan asarlarni, umuman, 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.

Mushtarak til va tarix, o‘xshash madaniyat va an’analar, yaqin do‘stlik va qardoshlik munosabatlari O‘zbekiston bilan Turkiyani birlashtirib turadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi bu do‘stlik va birodarlikni yangi — yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qildi.

Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining
birinchi o‘rinbosari.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Kutilganidan ham samarali tashrif