00:19 / 22.10.2016
11 430

Ishsizlik bahonasi bilan aliment to‘lamayotganlar 15 kunlik majburiy mehnatga jalb etiladi

Ishsizlik bahonasi bilan aliment to‘lamayotganlar 15 kunlik majburiy mehnatga jalb etiladi

Avvalroq, Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan poytaxtdagi oilaviy ajrimlar masalasida yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur yig‘ilishda ajrimlarga taalluqli ko‘plab masalalar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jaev, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qurbonov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Habibullo To‘raxo‘jaev, Toshkent shahar prokurori Botir Qudratxo‘jaev, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov ishtirok etdi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov so‘zga chiqar ekan, bugungi kunda ayoli bilan ajrashib, o‘z farzandlarini ko‘chaga tashlab qo‘ygan, ustiga-ustak ularga aliment to‘lashdan bosh tortayotgan ayrim vijdonsiz otalarni qoraladi. U so‘zida davom etar ekan, jamoatchilikni ana shunday odamlarning xatti-harakatlarini keskin qoralashga, ziyofat uyushtirsa, o‘sha tadbiriga bormaslikka chaqirdi.

“Toshkent shahrida oila munosabatlari muammolarini o‘rganish Ishchi guruhi” tomonidan ajrim bo‘lgan oilalarni o‘rganib chiqish kunning asosiy masalasi sifatida o‘rtaga tashlanar ekan, voyaga etmagan, norasida bolasiga aliment ololmayotganlar ro‘yxatini tuzish alohida topshiriq sifatida belgilab olindi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning fikricha, aliment to‘lamaslik, javobgarlikdan bo‘yin tovlash holatlari ko‘p hollarda o‘ziga to‘q, badavlat oilalarda kelib chiqyapti.

“Ayrim erkaklarimiz ishlamasligini, hujjati hech qaysi tashkilotda rasman yuritilmasligini ro‘kach qilib, o‘z farzandlariga aliment to‘lashdan bosh tortishadi. Holbuki, ularning ko‘plari bozorda ishlaydi, qimmatbaho mashinalar haydashadi. Bundan buyon ular aliment to‘lashga imkoniyati bo‘lmasa, 15 sutkalik majburiy mehnatga jalb etiladi. Bosh tortganlarning yozma arizasi olinib, sudga topshiriladi. Bu holatga faqat shu yo‘l bilan barham berish mumkin”, deydi hokim.

Yig‘ilishda ishtirok etgan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ularning maslahatchilari, faollarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Nikoh shartnomasi”ni tuzishni majburiy qilish yuzasidan qonun loyihasini kiritish va bu yo‘nalishdagi ishlar kelgusi yilga qadar tugatilishi belgilab olindi. Toshkent shahar hokimining so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, Toshkent shahrida “Nikoh shartnomasi” bo‘lmaganlar FHDYoda ro‘yxatga olinmaydi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida Nikoh shartnomasini tuzishni targ‘ibot qilish masalasi FHDYo bo‘limlariga topshirildi.

Bundan buyon ajrashish oson kechmasligi aniq. Boisi bir bolaga etti mahalla ota-ona, degan naql endi o‘z isbotini topajak. Oilalarning ajrimiga endi nafaqat mahalla, balki FHDYo, ichki ishlar, prokuratura, sud, tuman hokimiyati rasmiylari javob beradi. Ular zimmmasidagi mas’uliyat yig‘ilish bahonasida yanada oshirildi.

Agar statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan 9 davomida 505 ta mahalladan 474 tasida oilaviy ajrimlar kuzatilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu kichkina raqamlar emas. Mamlakat poytaxtidagi ajrimlar shu darajaga etdiki, viloyatlarda uning qiyosini topish mushkul.

Bugungi kunga kelib, oilaviy ajrimlarga ariza berish boji eng kam ish haqining 50 foizi, ya’ni 75 ming so‘mni tashkil etadi. Yig‘ilish davomida Toshkent shahrida boj to‘lovini 10, kerak bo‘lsa, 100 baravarga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.

Ma’umot uchun, so‘nggi to‘qqiz oyda respublika miqiyosida ajrimlar 15 foizni tashkil etgan. Toshkent shahrida tuzilgan oilalarning 32 foizi ajrashish darajasiga etib borgan. Bu ko‘rsatkich respublikaning boshqa hududlarida, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 foiz, Xorazmda 6 foiz, Surxondaryoda 9 foiz, Qashqadaryoda 10 foiz, Buxoroda 12 foiz, Jizzaxda 14 foizni tashkil etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ishsizlik bahonasi bilan aliment to‘lamayotganlar 15 kunlik majburiy mehnatga jalb etiladi