15:15 / 31.10.2016
8 252

Yangi tadqiqot: xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda 39 kun ko‘proq ishlar ekan

Yangi tadqiqot: xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda 39 kun ko‘proq ishlar ekan

Jahon Iqtisodiy forumi Hisobot (The Global Gender Gap) e’lon qildi. O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda 39 kun ko‘proq ishlar ekan. BMT Bolalar Jamg‘armasi (YuNISEF) tadqiqotlariga qaraganda esa, qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan biror ishni bajarishda 40 foiz ko‘p vaqt sarflar ekan. Ma’lum bo‘lishicha, ayollar bir kunda erkaklarga qaraganda 50 daqiqa ko‘proq o‘z vaqtini ishxonada o‘tkazadi. Shu sababli ham tahlilchilar sayyoramizda hamon gender tengligiga amal qilinmayotganini aytishadi. Shuni eslatib o‘tish kerak-ki, 2014 yilda e’lon qilingan Hisobotda so‘nggi yillarda ayollarning siyosat va iqtisodiyotga keng jalb qilinishi tufayli jahonda gender tengligi borasida bir qator yutuqlar qo‘lga kiritilgani ta’kidlangandi. So‘nggi vaqtlarda jamiyatda ayollarning mavqei mustahamlanib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Kuzatuvchilarning fikricha, siyosat keng tarqalayotgan kasblardan biriga aylanib qoldi. Bu kasbga bilim va tafakkurga ega, rahbarlik qobiliyati bor va o‘zini ko‘rsatish niyatida bo‘lgan ayollar ham keng jalb qilinmoqda.

Jamiyat taraqqiyoti bir erda qotib turmaydi. Avvallari ayollar faqat uy-ishlari, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak, degan fikrlar mavjud edi. Endilikda esa jamiyat ishlarida ayollarning keng ishtirokiga hech kim taajjub bilan qaramaydigan bo‘lib qoldi. Masalan, siyosatga aralashib qolgan erkakning rafiqasi ham turmush o‘rtog‘i bilan birga turli tadbirlarda ishtirok etar ekan, o‘zi bilmagan holda siyosatga kirib qoladi. Xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lish bilan bir qatorda siyosatda o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi. Biroq tan olish kerak, ayrim mamlakatlarda ayollarning o‘rni oshxonada, degan qarashlar ham butkul yo‘qolmagan.

Rivojlanishning eng o‘tkir muammolaridan biri tenglikka erishishdir. Biroq rivojlanish amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatadiki, xotin-qizlar ko‘pincha rivojlanish jarayonidan chetda qoladi va hatto unda ishtirok etgan taqdirda ham rivojlanish loyihalarini natijalari erkaklar va xotin-qizlarga turlicha ta’sir ko‘rsatgan. Erkak va ayollarning hatti-harakati ijtimoiy va madaniy xarakteristikalarini aniqroq farqlash uchun gender atamasi qabul qilingan. Gender (inglizcha gender – “zot” ) jins tushunchasini fizologik voqelik jarayoni bo‘lgan ijtimoiy konstruksiya sifatida belgilaydi. “Gender” tushunchasining kiritilishi shuni anglashga yordam beradiki, jamiyatdagi erkaklar va xotin-qizlar rollarini ijtimoiy jihatdan farqlaydi va belgilaydi. Gender konsepsiyasiga muvofiq, rivojlanish bo‘yicha faoliyatda “Xotin-qizlar rivojlanishda” (Women and Development) shioridan “Gender va rivojlanish” (Gender and Development) shioriga o‘tishi amalga oshiriladi.

Gender tengligi – ayollar va erkaklar, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun teng huquq, mas’uliyat, imkoniyat, qadriyat va natijalardir. Gender tengligi faqat ayollarga taalluqli masala bo‘lmasdan u, erkaklar huquq va majburiyatlarini ham anglatadi. Chunki jamiyat xar ikki jinsdan gender normalari va standartlariga muvofiq harakat qilishni kutadi. Tenglik ayollar va erkaklar bir xil bo‘lib qolishini bildirmaydi. Lekin ularning huquqlari, mas’uliyati va tengligi o‘zlari qiz yoki o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilganlariga bog‘liqdir. Gender tengligi ayollarning ham, erkaklarning ham manfaatlari, ehtiyojlari va ustuvorliklari hisobga olinganligini ko‘rsatadi.

So‘nggi 10 yilda mehnat qilayotgan ayollar soni chorak milliardga ko‘paygan bo‘lishiga qaramaay, mavjud muammolarni to‘laligicha bartaraf etish uchun kamida 170 yil kerak bo‘lishi aytiladi. Tadqiqotda xotin-qizlar uyda bajaradigan kundalik yumushlar ham inobatga olingan. Shunga qaramay erkaklar xaq to‘lanadigan ishning 39 foizinigina bajarishlari oydinlashdi. Ayrim mamlakatlarda, jumladan, Hindiston, Portugaliya va Estoniyada xotin-qizlar bir yilda erkaklar bilan solishtirganda 50 kun ko‘p ishlashi ma’lum bo‘ldi. Biroq buni teskarisi kuzatiladigan mamlakatlar ham bor. Masalan, Yaponiya va Niderlandiyada ayollarning uyda ishlashlari inobatga olingan taqdirda ham erkaklar 30 daqiqa ulardan ko‘proq ishlar ekan.

Buyuk Britaniyadagi moliviy tadqiqotlar Instituti e’lon qilgan hisobotga qaraganda, erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq maosh olar ekan. Biroq bu raqamlarga shubha bilan qarovchilar ham bor. Chunki ish beruvchilar erkak va ayollarga teppa teng maosh berilishini aytishadi. Bu erda kim qancha vaqt ishlashi va qanday ishlarni bajarishi haqida ketmoqda. Ya’ni, erkaklar yarim asr avval bo‘lganidek, xozir ham rahbarlik lavozimlarida, ayollar esa oddiy xodim sifatida ishlamoqda. Bu o‘z-o‘zidan maoshlarda tafovut bo‘lishiga olib keladi. Ishlayotgan ayollar va erkaklar o‘rtasidagi farqni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘rtacha maosh bo‘yicha erkaklarni ko‘proq bo‘lib chiqadi. Ayollar kam maosh to‘lanadigan ishlarda faoliyat yuritishadi. Bu borada milliy an’analar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, ayrim mamlakatlarda ayollar bajaradigan ishlarni erkaklar, erkaklar bajaradigan ishlarnni ayollar qilmaydi.

Bugungi global zamonda ayollarning o‘rniga etarlicha baho berish juda ham zarur. Chunki ayollardagi ish qobiliyati, energiya mamlakatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixda ayollarning hokimiyatda bo‘lishi bilan bog‘liq hodisalarga alohida e’tibor qaratish kerak. “Nozik jins” vakillari murakkabliklar va muamolarni hal qilishda erkaklardan qolishmagan holda harakat qilganlariga tarix guvoh. Tahlilchilarning fikricha, siyosatdagi ayollarning roli jamiyatda qaror topgan dunyoqarashdan kelib chiqadi.

Ayollarning siyosat va boshqaruvdagi roli ortib bormoqda. Davlat tashkilotlari, jamoat xizmatlarida ayollar keng faoliyat yuritmoqda. Jahon mamlakatlarida hukumat darajasida ayollarga ko‘p hollarda Ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, Ijtimoiy ta’minot vazirliklari ishonib topshiriladi. “Ayollar masalasi”ni ayollardan boshqa kim ham xal qila oladi?

2005 yildan boshlab gender tengligi masalasida Shri-Lanka, Mali, Xorvatiya, Makedoniya va Tunisda bir qator yutuqlarga erishildi. Gender tengligi masalasida birinchi beshtalikka Islandiya va Skandinaviya mamlakatlarini kiritish mumkin. 6-o‘rinda esa Nikaragua turadi. Bunga ayollarning siyosatda ishtirok etishi va sog‘liqni saqlash tizimida qo‘lga kiritilgan yutuqlar sabab bo‘ladi. Biroq maoshlar borasida bu kabi fikrlarni aytib bo‘lmaydi.

Ayollar bilan bog‘liq vaziyat qurolli nizolar davom etayotgan va beqaror mamlakatlarda ayanchli ekani aytiladi. Bu mamlakatlarda xotin-qizlarning siyosiy va iqtisodiy hayotga jalb qilishning imkoni ham, iloji ham yo‘qligi xech kimga sir emas.

Tadqiqot natijalariga qaraganda, go‘zal jins vakillari ish o‘rinlaridan ayrilib qolishdan hadiksiragan holda ishlashar ekan. Bu, o‘z navbatida, turli kasalliklarga mubtalo bo‘lshilariga, ma’naviy va jismonan toliqishlariga sabab bo‘ladi.

Ayol — jamiyat gultoji, mehr va muhabbat timsolidir. Istiqlol yillarida O‘zbekiston xotin-qizlarini e’zozlash, jamiyatdagi rolini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda xotin-qizlar manfaatini ifodalovchi qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ayollarga ko‘plab ijtimoiy imtiyozlar joriy qilindi. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli ayollarimiz bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning, davlat va jamiyatda kechayotgan hayotbaxsh o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylandilar.

Bugun ayollar deputat, murabbiy, shifokor sifatida erkaklar bilan yonma-yon faoliyat yuritmoqda, tadbirkorlar uchun joriy etilgan imtiyozlardan keng foydalanmoqda, o‘z shaxsiy biznesiga, mol-mulkiga ega bo‘lmoqda. Bularning barchasi ayollarimizga yaratilayotgan imtiyozlar, sharoitlar tufaylidir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi tadqiqot: xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda 39 kun ko‘proq ishlar ekan