12:35 / 07.11.2016
18 971

Abdulla Oripov hayotlik vaqtida o‘z o‘limi haqida yozgan she’ri e’lon qilindi

Abdulla Oripov hayotlik vaqtida o‘z o‘limi haqida yozgan she’ri e’lon qilindi

6 noyabr kuni shoir Ahad Qayum o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali marhum shoir Abdulla Oripov hayotlik chog‘ida yozgan she’rini omma e’tiboriga havola qildi. Uning ma’lum qilishicha, bu she’rni eshitgach, shoirning do‘stlari va farzandlari uni e’lon qilmaslikka ahd qilishgan. Ushbu she’rda shoir, o‘z o‘limi haqida yozgandi. Bu haqda Qalampir.uz xabar berdi.

“Abdulla Oripov bu she’rni yozib, o‘qib berganlarida yonidagi do‘stlari, bolalari ho‘ng-ho‘ng yig‘lagan edilar. Hatto bu she’rni e’lon qilmaymiz, deb turib olgandik. Nachora, mana, e’lon ham qildik. Ming afsus...” deya Ahad Qayum marhum shoir Abdulla Oripovning “Chidaysan, bolam” she’rini e’lon qilgan.

ChIDAYSAN, BOLAM

Jismimni ko‘tarib turibdi tuproq,
Erning ustidaman, yo‘q zarra nolam.
O‘zi chorlar bir kun bag‘riga, biroq,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Hay dunyo, o‘zingni bir pulga sotding,
Kalava topding-u, uchin yo‘qotding.
Men kabi oxiri g‘aflatda qotding,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Inson ezgulikdan topgay farog‘at,
Nima zarur unga zulmu qabohat.
Kimdir urishtirib, qilgaydir rohat,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Erni ham, ko‘kni ham ayladim tavof,
Lekin hech biridan chiqmadi javob.
Bo‘g‘zimda “Nega?”, deb qotdi bir xitob,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Dunyoga boqmadim men aslo yovdek,
Goho to‘ssa hamki yo‘limni g‘ovdek.
Har holda, gaplashdik ikki soqovdek,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Oripov 5 noyabr kuni AQShning Xyuston shtatidagi shifoxonada vafot etdi. Uning jasadi ortilgan samolyot bugun, 7 noyabr kuni AQShdan O‘zbekistonga kelib qo‘nadi. 8 noyabr kuni elimiz suygan shoir, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat va jamoat arbobi, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Oripov hayotlik vaqtida o‘z o‘limi haqida yozgan she’ri e’lon qilindi