22:16 / 08.12.2016
7 536

Shavkat Mirziyoyev: Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik

Shavkat Mirziyoyev: Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitusiya qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda davlat idoralari vakillarining aholi bilan muloqotiga tanqidiy baho berdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

«Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi», — deya ta’kidladi saylangan Prezident.

Shu yil 25 sentyabrda tashkil etilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga fuqarolardan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi echimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmoqda.

— Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi, — deydi Shavkat Mirziyoyev. — Ular turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda. Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta’minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi?

Saylangan Prezidentga ko‘ra, bu masalada alohida qonun, ya’ni, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Lekin bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Shu sababli ana shu qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur.

2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda «Xalq qabulxonalari» tashkil etiladi va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.

Parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibi joriy etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Senatda har yili bir marta ichki ishlar vazirining eng avvalo profilaktika sohasidagi faoliyati yuzasidan hisobotini eshitish amaliyotini qo‘llashni taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tantanali yig‘ilishda 2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik