11:22 / 23.02.2017
7 437

Toshkentda 20 ming dollarni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan “tabib opa” aniqlandi

Toshkentda 20 ming dollarni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan “tabib opa” aniqlandi

Xalqimiz ishonuvchan. Shuning uchun ham oramizda firibgar, qallob va kazzoblar tez-tez uchrab turibdi.

Kunlarning birida Gulmira Yo‘ldosheva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zini “tabib”, deb ovoza qilgan Feruza Hakimovaning nomini eshitib, uning manzilini qidirishga tushadi. Izlagan imkon topadi, deganlaridek, Gulmira ham “tabib”ning eshigini o‘z ixtiyori bilan qoqib bordi. Bemorni ochiq yuz, shirin so‘z bilan kutib olgan “tabib opa” darhol o‘z nayranglarini ishga soldi, deb yozadi “Huquq” gazetasiga tayanib Kun nashri.

F.Hakimova tezda bemorning ishonchiga kirib, uni turli yo‘llar bilan o‘qib, sog‘lig‘ini tiklab berishga ishontiradi. Uning 20 ming AQSh dollar pulini, go‘yoki issiq-sovuqni qaytarib berishni bahona qilib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Mazkur pullarni esa shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Afsuslanarlisi, bemor ushbu “tabib opa”dan hech qanday shifo topmaydi. Shundan so‘ng G.Yo‘ldosheva ushbu holat haqida tegishli joyga ariza bilan murojaat qiladi.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, F.Hakimova o‘zining jinoiy faoliyatini davom ettirib, fuqaro Nilufar Ziyaevani ham uning 10 yoshli qizini yurak xastaligidan tilla taqinchoqlar bilan davolay olishiga ishontiradi. Natijada bu ayol 3 mln. 100 ming so‘m miqdoridagi tilla taqinchoqlarini firibgarning qo‘liga topshiradi. Biroq qiz sog‘aymaydi. Qimmatbaho buyumlar esa, firibgarning ehtiyojlari yo‘lida yo‘q bo‘lib ketadi.

Mazkur holatlar sud tomonidan ko‘rib chiqilib, F.Hakimovaga nisbatan tegishli jazo tayinlandi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zarar sudlanuvchi tomonidan to‘liq qoplandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 20 ming dollarni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan “tabib opa” aniqlandi