10:55 / 06.04.2017
10 557

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakunlandi
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5 aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari 5 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Moskva shahrining Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi, deb yozadi "Qalampir.uz" nashri.

Shu yilning 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida terrorizm harakati sodir etilib, insonlar halok bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ular xotirasini yodga olib, shu erdagi “Leningrad – qahramon shahar” yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federasiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.

Kremlda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Rossiya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida muzokaralarni davom ettirdilar.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni O‘zbekistonga, Samarqand, Buxoro va Xorazm shaharlarini ziyorat qilishga taklif qildi.

O‘zbekiston delegasiyasining tashrifi arafasida Moskvadagi A.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida mamlakatimizning I.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi eksponatlari ko‘rgazmasi ochildi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida hududlararo hamkorlik, mehnat faoliyatini vaqtincha tashkil etish, sog‘liqni saqlash, tibbiyot ta’limi va fani, turizm, qurilish, neft-gaz, konchilik, metallurgiya, bank-moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga doir hujjatlar imzolandi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch va amaliy ruhda o‘tganini ta’kidladilar. Tashrif asnosida erishilgan kelishuvlar, imzolangan 16 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjat O‘zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Prezidentimizning davlat tashrifi va uning doirasidagi tadbirlar Rossiya teleradiokanallari, gazetalari, internet nashrlari orqali keng yoritib borildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakuniga etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakunlandi