10:04 / 25.05.2017
8 091

Makkada yo‘qolgan hamyon (hayotiy hikoya)

Makkada yo‘qolgan hamyon (hayotiy hikoya)
Bu voqeani toshkentlik bir tanishimiz so‘zlab berdilar:
– Bir yili muhtarama onamiz bilan hajga borgan edik. Onamizning yoshlari ancha o‘tib qolgan, qiynalib qadam bosadilar. Haj ko‘p yillik orzulari bo‘lgani uchun ana shu sabablarga ham qaramay, safarga otlandilar. Orziqib kutganimiz Makkaga etib, Masjidul-haramga kirib bordik. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan millionlab musulmonlar Ka’bani tavof qilib, haj arkonlaridan birini ado etishyapti. Onajonimning qiynalib qolishlarini o‘ylab maxsus aravachada tavof qildirmoqchi bo‘ldim. Ko‘nmadilar: “Shuncha joydan kelib, Alloh buyurgan farzni aravada taltayib bajaramanmi?” deb turib oldilar. O‘z hollariga qo‘yay desam, olomon orasida ezilib qoladilar.

Shunda bir hadisda aytilganidek, elkamda opichlab tavof qildirishni o‘yladim. Ham onajonimga qulay, ham roziliklarini olishim menga foyda. Opichlab tavofni boshladim. Hujjatlar va pullar solingan charm sumkachani qo‘llariga tutqazib, ehtiyotlashni tayinladim. Onam elkamda tinmay duo o‘qib boryaptilar. Ka’bai muazzamani uchinchi bor aylanganimizda onam sumkachani tushirib qo‘yganlarini aytib qoldilar. A’zoi badanim muzlab ketdi. Shu kuni ellikboshimiz pasportlarimizni ham qo‘limizga berib qo‘ygan edi. Sovg‘a-salomga atalgan pullarimiz ham sumkada edi. Birdan miyamga istirjo aytish fikri keldi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”. Alloh taologa iltijo qilib yolbordim: “Yo Robbim, onam roziligini topay deb hajga olib keldim, elkamda ko‘tarib tavof qildiryapman. Ammo bu yo‘qotish sabab bo‘lib u kishining dillarini og‘ritib qo‘yishdan O‘zing panoh ber!”

Hozirgi holatimizda to‘xtashni ham, sumkachani axtarishning ham aslo iloji yo‘q. Qolaversa, nega beparvo bo‘ldingiz, deb volidai sharifamni ayblab ham bo‘lmaydi. Ko‘nglimdan shunday o‘y o‘tdi: “Pulni halol yo‘l bilan topganman, haj niyatim ham xolis edi. Demak, Alloh bizni sarson qilib qo‘ymaydi, hujjat bilan bog‘liq dilxiralik va ovoragarchiliklarga ro‘baro‘ qo‘ymaydi”.

Ko‘ngilda “Allohim, O‘zingga tavakkal qildim, hojatlarimni O‘zingga havola etdim!” degan ishonch bilan, xotirjam holatda tavofni davom ettira boshladim. Oltinchi bor aylanayotganimda oyog‘imga nimadir ilashib, yurishga halaqit bera boshladi. Keyingi aylanishlar odatdagidan tezroq bo‘lgani uchun to‘xtab olib tashlashning aslo iloji yo‘q edi. Qiynalib, terga botib ketdim. Tavofni tugatib, sal chetroqqa chiqib, onajonimni elkamdan tushirdim. Shu payt oyog‘imga ilashgan narsa esimga tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, yo‘qotgan sumkachamiz ekan. U qanday tushib qoldi, oradan biror vaqt o‘tib yana qanday topildi va, eng asosiysi va hayratlanarlisi, qay tarzda aynan mening oyog‘imga ilashdi – bu savollar meni ancha shoshirib qo‘ydi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Makkada yo‘qolgan hamyon (hayotiy hikoya)