21:40 / 30.05.2017
10 074

Ramazonda shaytonlar zanjirband qilinsa, nega gunoh qilishlar to‘xtamaydi?

Ramazonda shaytonlar zanjirband qilinsa, nega gunoh qilishlar to‘xtamaydi?
Ramazon kirib kelgach, insonga zarar etkazuvchi, uni eng yomon ishlarga, gunohga yo‘llovchi jin va shaytonlarning eng kattalari zanjirband etib qo‘yiladi. Buni Rasululloh (s.a.v) hadislarida va turli olimlarning kitoblarida o‘qish mumkin. Xo‘sh, shunday ekan bu muqaddas oyda gunohlar nega sodir etilaveradi?

Savol:
Hadisi shariflarda Ramazon oyida shaytonlar zanjirband qilinadi, deyilgan. Lekin voqelikda ko‘ramizki, qanchadan-qancha insonlar Ramazon oyida ham gunohlar bilan mashg‘ul bo‘lib yurishadi. Buning sababi nimada?

Javob: To‘g‘ri, siz aytganingizdek, Ramazon oyida ko‘pchilik mo‘minlar ularni gunohga etaklaydigan shaytonlarning zanjirband qilinishiga qaramasdan gunoh ishlarni qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Buning sabablaridan biri shuki, ularda shaytonning avvalgi vasvasalarining ta’siri va o‘zlarining ana shu gunohga bo‘lgan odatlari ularni tark etmagan bo‘ladi. Ana shu ta’sir va odatlariga binoan ulardan ushbu muborak oyda ham gunohlar sodir bo‘ladi. Ikkinchi sababi – yomonlikka chorlovchi nafsning ta’sirida ushbu oyda ham gunohga yo‘l qo‘yadilar. Demak, bu oyda qilinadigan gunohlar shaytonlarning ta’sirida emas, balki nafs taqozosiga ko‘ra sodir bo‘lar ekan. Shaytonlarning vasvasasi sababidan sodir etiladigan gunohlar Ramazondan boshqa oylarda bo‘ladi. Bu muborak oyda insonlar shaytoniy vasvasalardan Alloh taoloning muhofazasiga olingandir. Ba’zi ulamolar bu masalaga quyidagicha javob berishgan: Ramazon oyida bandalarni vasvasa qiladigan qaysar, sarkash shaytonlargina zanjirband qilinadi. Zaif shaytonlar esa bandalarni yo‘ldan ozdirishda davom etaveradilar. Ularning vasvasa ta’siri kam bo‘lganligi e’tiboridan boshqa kunlarga nisbatan, Ramazon kunlarida gunohlar kam sodir bo‘ladi. Vallohu a’lam.

Savol: Ramazon oyida shayton va jinlarning zanjirband qilinishining nima hikmati bor? Shu borada ma’lumot bersangiz.

Javob:
Muborak Ramazon oyida shayton va qaysar jinlarning zanjirband qilinishi hikmati shundan iboratki, toki ular ro‘zador mo‘minlarning qalblariga gunoh qilish vasvasasini, ma’siyatga bo‘lgan chorlovini tashlay olmasin. Ular zanjirband qilinishlari boisidan aksar insonlarning ushbu muborak oyda o‘zlarini gunohdan tiyayotgani va Allohning ibodatiga mashg‘ul bo‘layotganiga shohid bo‘lamiz.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati


Savol: Ramazon oyida shaytonlar zanjirband etiladi, deb eshitganman. Shunga ko‘ra, Ramazon oyida insonni vasvasa, har xil yomon o‘y-fikrlar bezovta qilishi mumkinmi?

Javob: Bu hadisda kelgan. Haqiqatda ular Ramazonda kishanlanadilar. Shuning uchun ko‘pchilik yaxshi bo‘lib qoladi. Ba’zi odamlarning yomon bo‘lishi ularga shaytonning vasvasasi singib ketganidan ekanligini ulamolar ta’kidlashadi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Ramazonda shaytonlar kishanlanishining belgisini ikki narsada ko‘rsatmoqchiman: 1. Ramazon oyida diniy saytlarga kiruvchilar soni keskin ortib ketadi. Ramazondan keyin esa tushib ketadi. 2. Odatda 5 vaqt namozni o‘qimaydiganlar Ramazon oyida namozlarni o‘qib, ancha mashaqqat bo‘lgan xatmi Qur’onli taroveh namozlarida ham qoim turadilar.

Hadisi sharifda jin shaytonlarining eng sarkashlari kishanlanadi, deyilgan. Hammasi ham kishanlanmaydi.

Sayyid Rahmatulloh Termiziy

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ramazonda shaytonlar zanjirband qilinsa, nega gunoh qilishlar to‘xtamaydi?