04:04 / 17.06.2017
7 395

Qushqanot og‘a: Orol ikki marta qaytgan, bu gal ham qaytadi

Qushqanot og‘a: Orol ikki marta qaytgan, bu gal ham qaytadi
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 10 iyun kuni kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan Orol dengizini borib ko‘rgan edi.

Guterrish qachonlardir port shahar, hozir esa “kemalar qabristoni” bo‘lgan Mo‘ynoqni borib ko‘rganidan so‘ng: “Orol dengizining qurishi iqlim tufayli emas, suv resurslarining inson tomonidan noto‘g‘ri boshqarilishi natijasida ro‘y bergan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi munosabati bilan uning salbiy ta’sirini kamaytirishga oid qat’iy choralar ko‘rilmasa, bu fojia butun dunyo miqyosida ko‘payadi”, deya ogohlantirdi.

Necha yillardan buyon bizni asta-sekin tark etayotgan Orol fojiasiga mutaxassislar turli yondashuvlar bildirmoqda. Kimlardir inson omili desa, yana kimlardir tabiatdagi o‘zgarishlarga bog‘lamoqda.

Men ham yil boshida xizmat safari bilan Mo‘ynoq tumaniga borganimda qurshab qolgan dengizimizni ko‘rdim. Bir paytlar qirg‘oqlariga sig‘may hayqirib yotgan dengiz o‘rnida biyobon cho‘lni ko‘rish har qanday inson uchun juda og‘ir va tushuntirib berolmaydigan ruhiy kechinmalarni qalbga soladi.

Orolni kuzatayotganimizda “kemalar qabristoni”ga qarab turuvchi Qushqanot og‘a bilan suhbatlashib qoldik. Og‘aning xotirlashicha, yoshi ulug‘lar Orol dengizi oldin ham ikki marotaba qurib, keyin yana o‘ziga qaytgani haqidagi suhbatni gapirib berdi.

Qushqanot og‘a shunday xotirjamlik va ishonch bilan aytdiki: “Orol yana qaytadi”. Bizga hamrohlik qilayotgan qoraqalpoqlik mutasaddi akamiz ham og‘aning gaplariga hech qanday moneliksiz qo‘shildi. Alqissa, hammamizning ko‘nglimizda bir umid uyg‘ondi — Orol yana qaytsin!

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qushqanot og‘a: Orol ikki marta qaytgan, bu gal ham qaytadi