22:25 / 03.07.2017
23 261

Chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani ko‘tarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi…

Chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani ko‘tarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi…
Qishlog‘imizda bir daryo bor. Uning zilol suvi shiddat bilan oqadi. Har tong daryoga, yastanib yotgan adirga, past tepaliklarga suqlanib boqaman. Keng qishlog‘imning husnidan aslo to‘ymayman. Baland tog‘lar tomonga termilganimda daryo yonidagi tik qoyaga ko‘zim tushishi hamon negadir ko‘nglim g‘alati bo‘ladi. Ba’zan sirli kuch meni o‘sha tomonga tortayotganday tuyiladi. Bir kuni uning yonida o‘tayotib, ayol kishining ovozini eshitdim. U “Xiyonatkor” deganday bo‘ldi. Buvamga bu haqda aytgandim, u sirli qoya va men eshitgan o‘sha sirli tovush haqda so‘zlab berdi:

— Bu qoyada Oyjamolning ruhi yashaydi, bolam. U mana shu qishloqda o‘sgan suluv qiz edi. Ota-onasi erta o‘lib ketgani uchun buvisining qo‘lida ulg‘aydi. Go‘zal qizga badavlat oilaning o‘g‘li uylandi. Uning ismi Nodir edi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonida hech kimi yo‘q etim qizni odam o‘rnida ko‘rmasdilar. Bechoraginaning hatto qaynona-qaynotasi, qaynsingillari, eri bilan bir dasturxonda o‘tirishga haqi yo‘q edi. Kamsuqum qiz xizmatkorlar bilan birga ovqatlansa-da, kun bo‘yi haqoratlar eshitsa-da, eriga bu haqda aytmas va o‘z holidan nolimasdi. Biroq ko‘p o‘tmay, arzanda o‘g‘ilning ishqi qishloqqa ishga kelgan chiroyli do‘xtir qizga tushdi-yu, Oyjamolga bo‘lgan muhabbati so‘ndi.

Inobatxon ham qaddi-qomati kelishgan edi, u Nodirga avvaliga ko‘z suzibdi-yu, keyin to xotinidan qutulmaguncha unga turmushga chiqmasligini aytib, uchrashmay qo‘yibdi. Endi arzandaning Oyjamolni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. U xotinining og‘iroyoqligini andisha qilmay, uradigan va tahqirlaydigan odat chiqardi. Biroq eri boshqalarga qo‘shilib, unga qanchalik yomon munosabatda bo‘lmasin, ayol uydan chiqib ketmadi. Darg‘azab er esa o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Axiyri u iblisning gapiga kirib, dahshatli reja tuzdi.

Oyjamolning ovqatiga zahar soldi. Lekin kelinchakning joni sabil ekan. U homilasidan ayrildi-yu, biroq tirik qoldi. Ammo suluvdan nihoyatda badbashara ayolga aylandi. Niyatiga etolmagan Nodir tag‘in kutishga qaror qildi. U xotiniga o‘zini go‘yo bolasidan ayrilganiga va yuzi xunuklashganiga kuyinganday ko‘rsatdi-yu, biroq yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan ayolidan qutulishga astoydil bel bog‘ladi. Keyin eshitishimizcha, u xotinini daryo tomonga olib borib, o‘sha tik qoyaga chiqishga undabdi. O‘zi ham u bilan birga ko‘tarilibdi. Oyjamol erining ko‘nglidagi chirkin niyatidan bexabar edi.

Ayol ortiga o‘girilishga ulgurmabdi ham, berahm erkak uni daryoga itarib yuboribdi. Bu safar ayol omon qolmadi. Uning tanasini daryoning shiddatli suvi oqizib ketibdi. Nodir esa Oyjamolning marosimlarini o‘tkazishi bilan Inobatxonga uylandi. Bunday dabdabali to‘yni hech kim ko‘rmagandi. Biroq chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani ko‘tarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi. Inobatning go‘zal yuzi o‘rniga badbashara Oyjamolni ko‘rib, baqirib yuboribdi.

Ayol esa:
— Xiyonatkor! Xiyonatkor! Xiyonatkor! — deya takrorlayotganday bo‘larkan.
Nodir jonholatda eshik tomonga otilibdi. Ammo eshik o‘lgur hadeganda ochilmabdi. Oyjamolning qo‘llari esa uni orqaga tortibdi. Nodirning ko‘ziga badbashara yuzdan boshqasi ko‘rinmabdi. U ortiga o‘girilibdi va kelinchakni bo‘g‘a boshlabdi. Jonsiz tana erga yiqilganida esa Nodir ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u Inobat ekan. Yaqinlari fojiani ko‘rib, dahshatdan qotib qolishibdi. Nodir esa go‘yo telbaday daryo tomonga otilibdi. Uni Oyjamolning ovozi o‘sha yoqqacha ta’qib etib boribdi. Zolim er tik qoyaga chiqibdi-yu, qayg‘u-alam ichra o‘zini suvga otibdi. Aytishlaricha, hozir ham Oyjamolning bezovta ruhi shu tik qoya atroflarida izg‘ib yurar ekan.

Men bu hikoyani eshitarkanman, dunyoga kelib, kun ko‘rmay ketgan ayolga achindim. Har safar tik qoyaga tikilganimda g‘amgin ayol qiyofasini ko‘rganday bo‘laman…

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani ko‘tarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi…