08:32 / 09.07.2017
5 414

Mirziyoyev: Xonadonlarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozim

Mirziyoyev: Xonadonlarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozim
O‘zbekiston Prezidenti Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan shahar Uychi ko‘chasini obodonlashtirish, infratuzilmasini takomillashtirish, rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur ko‘chada o‘n beshta ko‘p qavatli turar joy binosi va o‘ndan ziyod infratuzilma ob’ekti qurilmoqda. O‘tgan yilning kuzida ushbu ko‘chada Namangan shahar 2-bolalar va o‘smirlar maktabining zamonaviy binosi foydalanishga topshirilgan. Ikkita yopiq sport zali va boshqa zarur xonalarga ega bo‘lgan majmuada sportning ko‘plab turi bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratilgan, deb xabar qilmoqda Kun.uz.

Prezident ko‘p qavatli turar joylarni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish, aholi uchun zarur sharoitlar yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shu erda Namangan shahrida namunaviy loyiha asosida bunyod etilayotgan 8 ta etti qavatli arzon turar joy binosi, Farg‘ona vodiysi temir yo‘llarini elektrlashtirish konsepsiyasi, Namangan temir yo‘l vokzalini yangidan qurish, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va endokrinologiya ilmiy-amaliy markazlari Namangan filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, ularni malakali kadrlar va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, Kosonsoy tumanida yoshlar va o‘smirlar texnoparki bunyod etish loyihalari taqdimoti bo‘ldi.

Davlat rahbari Namangan shahrida kelasi yili namunaviy loyiha asosida 18ta ko‘p qavatli turar joy qurilishini ta’kidladi. Kvartiralarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozimligini qayd etdi.

Prezident O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Namangan viloyati badiiy ijodkorlar uyushmasi galereyasining rekonstruksiya qilingan binosi va bu erdagi ko‘rgazma bilan ham tanishdi.

Galereyani yoshlar uchun chin ma’nodagi ma’rifat maskaniga aylantirish, milliy an’analarni davom ettiradigan «ustoz-shogird» maktabini yaratish, bunday galereyalarni barcha viloyatlarda tashkil qilish kerak, dedi davlat rahbari. Yoshlar ko‘p asrlik tasviriy va amaliy san’at an’analariga hurmat ruhida kamol topsin.

Mirziyoyev shahardagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida mashg‘ulotlarda qatnashayotgan badiiy gimnastikachi qizlar va bokschi yoshlar bilan muloqot qildi.

Bugun o‘zbek boks maktabi vakillariga butun dunyo sportchilari tan bermoqda, havas qilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarda jahonda tengsiz ekanini isbotladi. Bunday yutuqlarga erishish uchun nafaqat zamonaviy sharoit, balki tinimsiz mehnat, fidoyilik, vatanparvarlik ham talab etiladi. Sizlarga ham kelgusida katta sportda yuksak parvozlar tilayman, dedi davlat rahbari.

Prezident yosh sportchilarga sovg‘alar topshirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirziyoyev: Xonadonlarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozim