08:02 / 02.09.2017
6 988

Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti kuni Hazrati Imomga keldi

Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti kuni Hazrati Imomga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 sentyabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, majmua tarkibida tashkil etilayotgan Islom madaniyati markazi loyihasi bilan tanishdi.

O‘zbekistonda muqaddas islom dinini, ulamolarning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilmoqda, Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad Termiziy, Qarshi tumanidagi Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohlari va boshqa qadamjolarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.

Bu kabi xayrli ishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shularni inobatga olib, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizatsiyasi markazi, deb o‘zgartirish taklifini bildirdi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu markazda akademiya, kutubxona, arxiv va qo‘lyozmalar fondi tashkil etilib, ularni bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish, 300 o‘rinli konferensiya zali barpo etish ko‘zda tutilgan.

“Biz ajdodlarimiz bilan doimo faxrlanib kelganmiz. Shunday ekan, o‘zimiz ham ularga munosib bo‘lishimiz kerak. Tashkil etilayotgan markazda ham buning uchun barcha sharoitlarni yaratish, yetuk olimlarni jalb qilish lozim. Mazkur sohaga oid adabiyotlarni jamlash, chet ellarda bo‘lsa, yurtimizga olib kelish choralarini ko‘rish zarur. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi to‘qqizta o‘rta maxsus va ikkita oliy ta’lim muassasasi ham markaz ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu yerda saboq beradigan o‘qituvchilar bilimi va saviyasiga alohida e’tibor qaratish darkor”, dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev markaz qurilishi bo‘yicha taqdim qilingan loyihaga alohida e’tibor qaratdi.

“Bu markaz bizning islom dini targ‘ibotidagi yuzimiz bo‘ladi. Shunday ekan, uning tashqi ko‘rinishi, bu yerda ishlatiladigan qurilish materiallariga ham e’tibor qaratish lozim. Odatdagi, ko‘zimiz o‘rganib qolgan loyihalardan voz kechib, yangi shakl va dizayn topishimiz kerak”, dedi davlat rahbari.

Loyihalarda markaz qurilishi munosabati bilan boshqa joyga ko‘chiriladigan aholi uchun barpo etiladigan yangi zamonaviy uy-joylar haqidagi ma’lumotlar ham o‘z aksini topgan.

Prezident davlat va jamoat tashkilotlari, Musulmonlar idorasi rahbariyati, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti kuni Hazrati Imomga keldi