10:11 / 03.10.2017
7 047

Prezident vazirlarga uyma-uy yurib ahvol bilan tanishishni taklif qildi

Prezident vazirlarga uyma-uy yurib ahvol bilan tanishishni taklif qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 oktyabr kuni aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, ko‘p qavatli uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining holati tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, ushbu majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilishda aholiga uy-joy kommunal xizmatlari ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, uy-joy fondi va ijtimoiy ob’ektlardan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ish sifatini yuksaltirish va moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyevning 18 aprelda “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tuzilgan edi.

Vazirlik tomonidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va ta’mirlash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Davlat rahbari tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzishni taklif qilib, 1-ishchi guruh tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida hamda 2-ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi holat o‘rganilishi belgilandi, deb ma’lum qildi Qalampir.uz.

Asosiy e’tibor ko‘p qavatli uy-joy fondi, ijtimoiy soha ob’ektlari, ichimlik suvi, elektr energiyasi, issiqlik, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti, ko‘mir yetkazib berish, sanitar tozalash kabi masalalarga qaratildi.

Prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturlari ijrosini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish, rejalashtirilgan chora-tadbirlarni manzilli va maqsadli amalga oshirish, mablag‘lardan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi ishlarni viloyatlar va sohalar kesimida emas, mahallama-mahalla, uyma-uy amalga oshirish kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga uy-joylar va ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini yakunlash, aholini elektr, issiqlik, gaz, suv va boshqa hayotiy zarur vositalar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident vazirlarga uyma-uy yurib ahvol bilan tanishishni taklif qildi