01:27 / 08.10.2017
7 213

Mehmonni yaxshi yoki yomonga ajratish mumkinmi?

Mehmonni yaxshi yoki yomonga ajratish mumkinmi?
Qishlog‘imizda dasturxonchi erkaklar bo‘lardi. Ertalabki oshlarni tartibga solish ularning zimmasida edi. Elga beriladigan Oshda dasturxon atrofida hamma teng edi. Boy ham, kambag‘al ham bir dasturxon atrofida o‘tirishardi. Faqat masjid qavmiga va quda tomongagina alohida joy qilinardi. Qudalar ham nari borsa 20 kishi bo‘lib kelardi.

Yaqin-yaqingacha Toshkentda ham shu kabi holatni kuzatish mumkin edi. Ammo to‘qlikka sho‘xlik deymizmi, asta-sekin haddan oshishlar, odam ajratishlar boshlanib ketdi. Dasturxon, unga qo‘yilgan noz-ne’matlar, choynak-piyola, qoshiq, hatto laganga suziladigan osh ham bir xil. Ammo amaldor boshqa stolga, xodim boshqa stolga o‘tqazila boshlandi. Bu salbiy holat ayniqsa ziyolilar orasida yaqqol ko‘zga tashlandi.

Ziyolilar orasida bir dasturxonchi bor. Ko‘pchilik hurmat qiladi. Balki hurmatga loyiq insondir, ammo mening o‘sha kishidan ko‘nglim qolgan. Aynan o‘sha kishi meni buyuk adiblardan biri bilan bir dasturxonda o‘tirib osh yeyishdan mahrum qilgan edi.

Hozir yodimda yo‘q. Qaysidir adibimizning xotirasiga ertalab Toshkent shahar xokimiyatining avvalgi binosining oshxonasida (restoran darajasida edi o‘ziyam) nahorga ehson beriladigan bo‘ldi. Hamkasbim Azimjon Po‘latov bilan bordik. U vaqtlarda hozirgidek ertalabki osh roppa rosa 7.00da ochilsin degan gaplar yo‘q edi. Tong otishi bilan odamlar kelishiga qarab osh tortilaverardi. Ertaroq borib qolibmiz shekilli, tashqarida biroz kutdik. Shu vaqt ulug‘ adiblarimizdan biri to‘rt nafar hamrohlari bilan kelib qoldilar. Turli tadbirlarda ko‘p bor uchrashib, intervyular olganim bois yaxshi tanirdim. Ko‘rishdik. Ularga qo‘shilishib hokimiyat oshxonaga kirdik. Ammo o‘sha dasturxonchi akamiz ulug‘ adibni boshqa stolga, bizni boshqa stolga o‘tqazdi. Adibimiz 10 kishilik dasturxonga to‘rt nafar hamrohi bilan — jami 5 kishi bo‘lib o‘tirishdi. Biz -ikki kishi esa bizdan avvalroq kelgan uch kishi o‘tirgan stolga borib o‘tirdik. U dasturxonda ham, bu dasturxonda ham bir xil noz-ne’matlar bor edi. Osh ham tezlik bilan suzildi. U stolga ham, bu stolga ham bir xil laganda, bir xil osh suzildi.Choy ham el qatori olib kelindi.

Men o‘shanda buyuk tabaqalanishni sezganman. Nafaqat men sherigim Azimjon Po‘latov ham mana shuni ko‘ngliga olgan ekan. O‘sha dasturxonchi akamizdan butunlay ko‘nglimiz qolgan edi. Men o‘sha dasturxonchi akamiz, xolisona — bepul xizmat qilsa kerak, deb o‘ylar ekanman.Keyin bilsam kattagina xizmat haqi ham olar ekanlar. Ayrim to‘ylarda ichib olib,ancha xijolatga qo‘ygan ekanlar.

Endi bu xizmat servis tusini oldi. Pul to‘lasangiz bo‘ldi — uch kishi kelib bemalol xizmatingizni qilib ketadi. Eng zo‘ri — ular amaldorlarni tanishmaydi. Hammaga birdek qarashadi.

Aslida elga osh berilishining o‘zi o‘zaro hamjihatlikni anglatishi kerak emasmi? Ming yillar davomida xalqimiz bir dasturxondan taom tanavvul qilar ekan, dasturxon atrofidagilarni o‘zining qadrdoni deb bilmaganmidi? Maqsad ham osh orqali odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishdan iborat emasmidi? Osh berish milliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. Bir davrada o‘tirib osh yeyish insonlar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlaydi. Bu qadriyat so‘zsiz milliy madaniyatning o‘ziga xos bir qismi hisoblanadi. Shunday ekan dasturxon atrofida tabaqalanish bo‘lmasligi kerak. Chunki dasturxon atrofidagilarning hammasi mehmon.

Mehmon esa yaxshi va yomonga ajratilmaydi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mehmonni yaxshi yoki yomonga ajratish mumkinmi?