15:28 / 23.10.2017
8 183

Uch yoshli o‘zbek qizi Amerikadagi qorilar musobaqasi g‘olibi bo‘ldi

Уч ёшли ўзбек қизи Америкадаги қорилар мусобақаси ғолиби бўлди
Uch yoshga endigina to‘lgan o‘zbek qizi Maryam AQShda o‘tkazilgan Qur’oni Karim musobaqasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Azon.uz nashri.

Musobaqada 2 va 18 yosh oralig‘idagi bolalar va 18 yoshdan baland kattalar ham ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi. Ishtirokchilai yoshlariga qarab bir nechta guruhga ajratilgan holda sinovdan o‘tishdi. Ya’ni, kichiroq yoshdagi bolalar kichikroq, kattaroq yoshdagilari esa kattaroq suralar bo‘yicha va savol-javoblar bilan sinaladi. 14 oktyabrda ushbu bo‘lib o‘tgan musobaqa natijalari e’lon qilinib, g‘oliblar taqdirlandilar.

Ma’lum bo‘lishicha, Vashington shtatida bo‘lib o‘tgan ushbu bellashuvda bu safar jajji o‘zbek qizalog‘i Maryam ham ishtirok etib, 5 yoshgacha bo‘lgan qariyb 30 nafar ishtirokchi ichidan 100 dan 98 ball bilan 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Maryam 3 yoshni qarshi oldi. Lekin, yosh bo‘lishiga qaramasdan musobaqada ishtirok etib, hay’at a’zolarini o‘z bilimi bilan lol qoldirdi. Maryam o‘zining bu yutug‘i bilan Redmond masjidi imomi bo‘lmish Imom Nabeelning olqishiga sazovor bo‘ldi.

“U bizning to‘ng‘ich farzandimiz. Bilim olishga, xususan kitoblarga juda kichkinaligidanoq mehr qo‘ygan. U bir yoshligidayoq o‘zbek va ingliz tillarida o‘z yoshiga nisbatan ancha mukammal gaplashardi. Maryam boshqa qizlardek qo‘g‘irchoq o‘ynashni yoqtirmaydi. O‘rniga u legodan binolar qurishni, dadasi bilan har xil kranlar, robotlar yasashni va injinerlikka oid mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni sevadi. Mantiq, matematika, geografiya, va anatomiyani juda yaxshi ko‘radi. Hozirda esa matematika, ingliz tilida o‘qish va yozish jihatidan bilimi 2-sinf darajasida. Mantiqiy fikrlash, tafakkur qilish va suhbatlashish doirasi 10-12 yoshlarnikiga teng. Yaqinda u yana arab, turk va rus tillarini ham o‘rganishni boshladi. Maryamning kosmos, quyosh, planetalar, va yulduzlarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi va mehri alohida. Qizimizning zehni o‘tkir. Har bir yangi ma’lumotni 1-2 marta eshitishidayoq darrov zehniga quyib oladi. Uning xotirasi ham juda kuchli bo‘lib, Qur’onning har bitta oyatini 3-4 marta takrorlagandayoq to‘liq yodlay oladi. Qur’on suralarini yodlashni esa Maryam bir yarim yoshida ayasi bilan boshlagan. Hozirda 30 juz’ning ko‘pgina suralarini yod biladi. “Naba” uning eng sevib o‘qiydigan surasidir. Maryam har bir surani yodlab bo‘lgandan keyin sovg‘a sifatida ota-onasi uni o‘zi xohlagan joyga olib borishadi. 30-juz’ni to‘liq yodlab tugatganidan keyin esa, uni muvaffaqiyati bilan rag‘batlantirish va qiziqishini yanada orttirish maqsadida o‘zi xohlagandek haydaladigan pushti mashina va’da qilingan. Maryam bog‘chaga bormaydi. Uyda onasi qo‘lida ta’lim oladi. Bilganlarini esa singlisiga ham o‘zi o‘rgatadi. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, unda tavhid haqidagi tushunchalar ancha erta shakllanishni boshladi. Alloh bizni doim ko‘rib turganini va hamma narsa uning iznida ekanligini hozirdanoq tiniq idrok etadi. Uyda biron narsa tugab qolsa yoki biron joyi og‘rib qolsa, darrov qo‘lchalarini duoga ochib, Allohdan shu narsani yoki shu shifoni so‘raydi. Va, bularga erishgach, qo‘lini takror ko‘tarib Unga hamd aytishni ham hech unutmaydi. Kelajakda esa hofizu Qur’on, doktor va katta olima bo‘lishni istaydi”, deydi Maryamning ota-onasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uch yoshli o‘zbek qizi Amerikadagi qorilar musobaqasi g‘olibi bo‘ldi