16:19 / 18.11.2017
5 967

Adolat posbonining “uyushgan guruhi” qo‘lga olindi...

Adolat posbonining “uyushgan guruhi” qo‘lga olindi...
“Postda” gazetasi va IIV Ichki ishlar xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda tayyorlanib gazetxonlar hukmiga havola qilingan ushbu maqolani o‘qidimu nihoyat axborot oshkoraligi ancha izga tushib qolganligiga, ta’bir joiz bo‘lsa, adolat posbonlarining “qilmishlari” ham adolat hukmiga tortilishi mumkinligiga amin bo‘ldim.

Siz ham bunga befarq bo‘lmaysiz, degan umidda quyidagi voqea-hodisa tafsilotlarini siz aziz o‘quvchilarga ilindim...

Maqolada aytilishicha, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani IIB Jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limining tezkor vakili, kapitan Aziz Yunusov o‘z lavozimida 2014 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda edi...

Uning vazifasi — tanib olinmagan murdalarning shaxsini aniqlash, bedarak yo‘qolgan, shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirishdan iborat bo‘lgan.

Aziz Yunusov avvaliga sidqidildan xizmat qildi, rahbarlarning topshiriqlarini o‘z vaqtida bajardi. Ammo kunlarning birida u noqonuniy yo‘ldan borishga qaror qildi...

Maqolada keltirilishicha, kapitan Yunusov tumanda yashovchi Ziyoda va Matluba ismli ayollar bilan jinoiy til biriktirdi (keyin ma’lum bo‘lishicha, “til biriktirib kelayotgan edi”). Shu tariqa adolat posboni rahbarlik qilgan “uyushgan guruh” go‘yoki giyohvandlik vositasini noqonuniy saqlagan shaxsni qo‘lga olmoqchi bo‘ladi.

Reja tayyor bo‘ldi... Vazifalar taqsimlandi! Faqat bo‘lajak “qurbon”ni topish kerak edi. Shunda Ziyoda o‘ylab turib “giyohfurush” sifatida o‘zining tanishi Faxriddin Abduvahobov ismli kishining “nomzod”ini taklif etdi.

– So‘nggi paytlarda Faxriddin juda o‘zidan ketdi, bosar-tusarini bilmay qoldi, bir ta’zirini berib qo‘yish kerak, – dedi u.

– Unda, kelishdik! Sen uning mashinasiga “dori” solingan gugurt qutisini qo‘yasan. Biz uni “Registon” blok-postida qo‘lga olamiz. Sal keyinroq menga qo‘ng‘iroq qilsang, senga o‘sha gugurt qutisini berib qo‘yaman...

Kelishilgan paytda Ziyoda Faxriddindan dugonasi bilan ikkisini qo‘shni qishloqqa olib borib qo‘yishni iltimos qildi. Faxriddin xushlamaygina rozi bo‘ldi. U kechqurun mashinasiga Ziyoda bilan Matlubani o‘tqizib, hech gapdan bexabar qo‘shni qishloqqa ravona bo‘ldi. Manzilga tezroq yetib borish uchun mashinasini Toshkent–Termiz avtomagistralini kesib o‘tadigan yo‘l bo‘ylab haydadi.

Faxriddin “belgilangan” blok-post yo‘lidan haydamaganini ko‘rgan qizlar tanishiga Toshkent–Termiz avtomagistralidagi blok-postda uni tuman IIB profilaktika inspektori kutayotganini aytishdi. Faxriddin hayron bo‘lib, mashinasini orqaga burdi.

Qizlardan biri uni gap bilan chalg‘itib turganida, ikkinchisi paytdan foydalanib, oldindan uch gramm marixuana joylangan gugurt qutisini orqa o‘rindiq ostiga yashirdi.

Mashina postga yetib kelganida, kapitan Aziz Yunusov oldindan tuzilgan ssenariyga ko‘ra YPX xodimlarini mashinada giyohvandlik vositasi noqonuniy tarzda olib ketilayotgani haqida ogohlantirdi.

YPX inspektori mashinani to‘xtatib, haydovchiga “Qayoqqa borayapsiz?”, “Hujjatlaringizni ko‘rsating”, “Nima olib ketayapsiz?” kabi savollarni berdi. So‘ng:

– Mashinangizni ko‘zdan kechirsak bo‘ladimi? – deb so‘radi.

– Ha, marhamat! Men qonunni buzmagan bo‘lsam, yo‘l harakati qoidalariga rioya etgan bo‘lsam. O‘zi nima gap? – deb hayron bo‘lib so‘radi Faxriddin.

Kapitan Yunusov o‘zining mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, bunga qonuniy asosi bo‘lmagan holda YPX inspektori bilan birga mashinani ko‘zdan kechirdi.

Qizlar haydovchiga sezdirmasdan “zahri qotil”ni qayerga yashirilganini imo-ishora bilan ko‘rsatib yuborishdi. Aziz Yunusov fuqaro Faxriddin Abduvahobovning huquqlarini buzgan holda, xolislar ishtirokisiz tintuv o‘tkazib, blok-postdagi voqea-hodisa haqida dalolatnoma tuzdi.

Faxriddin nimalar bo‘layotganini tushunmasdi... U o‘zini oqlashga harakat qilib, topilgan narsa o‘ziga tegishli emasligi haqida qasam ichdi. Ammo unga hech kim unga quloq solmadi!

Kapitan Aziz Yunusov boshqalarni chalg‘itish uchun qizlardan tushuntirish xati oldi, boshqa, ya’ni qo‘shimcha hujjatlarni “to‘qib-bichdi”. Tezkor vakil fuqaro Abduvahobovning hech qanday aybi yo‘qligini bilgan holda unga nisbatan tegishli hujjatlarni yig‘ib, tergov bo‘linmasiga taqdim etdi.

Qalbaki hujjatlar asosida fuqaro Faxriddin Abduvahobovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov jarayonida kapitan Aziz Yunusov, Ziyoda va Matluba guvoh sifatida qasddan yolg‘on ko‘rsatuvlar berishdi. Guvohlarning ko‘rsatuvlari va “rad etib bo‘lmas dalillar”ga asoslanib jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi hech qanday aybi bo‘lmagan Faxriddin Abduvahobovni o‘ziga nisbatan to‘qib chiqarilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Suddan so‘ng Matluba uzoq vaqt o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurdi...

Uni vijdon azobi qiynardi!

Faxriddinning onasi sud zalida yurak-bag‘ri ezilib yig‘lagani, o‘g‘liga tuhmat qilganlarni qarg‘agani hech ko‘z oldidan ketmasdi...

Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Matluba Faxriddinning onasi ishlaydigan do‘konga keldi. G‘amdagi onaga bor haqiqatni, o‘g‘liga ichki ishlar organi xodimi Aziz bilan Ziyoda tuhmat qilganini aytdi.

Shundan so‘ng tezda Faxriddinning onasi tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat etdi. Tergov harakatlari chog‘ida Aziz Yunusov va Ziyodaga aloqador bo‘lgan yuqoridagiga o‘xshash yana bir holat aniqlandi.

Shunday qilib, sudning qora kursisiga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIB JQ va UJQKB tezkor vakili, kapitan Aziz Yunusov, Yu. Ziyoda hamda B. Matluba o‘tirdi.

Sud jinoyat ishi materiallarini o‘rganib chiqib, jabrlanuvchini, guvohlarni va sudlanuvchining o‘zini eshitib, Aziz Yunusovni 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi.

Shuningdek, unga ikki yil davomida moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarni egallashni taqiqladi. Qizlarga ham qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.

Mana, “Postda” gazetasida e’lon qilingan maqolaga tayanib ma’lum qilgan ma’lumotlarimiz bilan tanishdingiz.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi...

Saytimiz orqali IIV tizimidagi IIBB va IIBlar xabariga tayanib, turli yoshdagi yigitlarning marixuanna olib yurgani va buning oqibatida qo‘lga tushgani xaqida xabarlar beramiz. Maqsadimiz, o‘z-o‘zidan ma’lumki, sodir etilayotgan jinoyatlar tafsiloti va mazkur jinoyatlar uchun jazo muqarrar ekanligini o‘quvchilarimizga eslatish, ularni ogohlikka, jinoyat ko‘chasiga kirmaslikka chorlashdan iborat.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, adolat posbonining o‘zi jinoyatga qo‘l ursa, dodingni kimga aytasan?!

Demak, IIB xodimlari yonida bemalol giyohvandlik moddasini olib yurishi, o‘ziga “hamtovoq” qilib olgan ayrim ayollar bilan uyushgan jinoyatchilikka qo‘l urishi mumkin ekanda?!

Xulosamiz shundan iboratki, barcha insonlar jinoyat ko‘chasidan uzoqroq yurishi lozim, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha “ko‘cha ovchilari” ham...

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adolat posbonining “uyushgan guruhi” qo‘lga olindi...