11:14 / 02.12.2017
8 885

Po‘sht, arava... yoxud bozorda arava tortib yurgan kishilar hayoti haqida

Po‘sht, arava... yoxud bozorda arava tortib yurgan kishilar hayoti haqida
Deyarli barchamiz bozorlarda arava sudrab yurgan kishilar ko‘magidan foydalanganmiz. Aravakash xizmatini cho‘ntaging ko‘tarmasa, yukingni o‘zing ko‘tarasan, degan hazilomuz gap ham bor. Nima bo‘lganda ham ular tufayli og‘irimiz – yengil, uzog‘imiz – yaqin. Biroq, tan olish kerak, aravakashning kundalik ish tarzi, tirikchiligi qanday, uni qanday muammolar qiynaydi, degan savollar haqida o‘ylab o‘tirmaymiz. Ochig‘i, ularga bir oz qo‘pol munosabatda bo‘ladiganlar, mensimaydiganlar ham yo‘q emas. Poytaxtimizdagi Qo‘yliq, Oloy, Eski jo‘va (Chorsu) bozorlarida bo‘lib, u yerda mehnat qilayotgan aravakashlar bilan suhbat asnosida yuqoridagi savollarga javob topishga urindik.

KASB HAM, HUNAR HAM EMAS

– Aravakashlik kasb ham, hunar ham emas, vaqtinchalik ish bu, – deydi Qo‘yliq dehqon bozorida mehnat qilayotgan Azizbek Shodiyev. – Bu ishni o‘rganish uchun bozor degan “maktabda” qisqa muddat o‘qishning o‘zi kifoya. Hayotning o‘zi tajribangizni oshirib qo‘yadi. Kimdir ro‘zg‘or tebratish, kimdir shunchaki yashash uchun bu ish bilan shug‘ullanadi. Oramizda “Bugun kunim o‘tsa bas, ertaga bir gap bo‘lar”, deydiganlar ham bor. Ammo shu ish ortidan bola-chaqasini boqib, imorat tiklayotgan, halol mehnat qilib, mahalla-ko‘y orasida obro‘ topgan sheriklarim ham juda ko‘p. Mehnatimizga yarasha haq to‘lab, rahmat aytib, duo qilib ketadiganlar ham, bizga past nazar bilan qarovchilar ham bor. Yaqinda taksi haydovchisi bilan suhbatlashib ketayotgandik. Gap orasida nima ish bilan shug‘ullanishimni so‘rab qoldi. Arava tortishimni eshitdi-yu, suhbat to‘xtadi. Mana, odamlarning munosabati. Bundaylar bilan gap talashib, janjallashib o‘tirmayman. Bu qo‘rqoqlikdan emas, andisha qilaman. Mehnatim halol ekanini bilaman. Muhimi – shu!

GUNOHIMNING JAZOSINI TORTYaPMAN...
– 52 yoshga yetganimda juda katta xatoga yo‘l qo‘ydim, – deydi ismini aytishni istamagan farg‘onalik aravakash kishi. – Poytaxtga ishlagani kelib, yoshroq bir juvon bilan tanishdim. Qishloqdagi ayolim, bolalarimni esdan chiqardim. Oxir-oqibat ko‘z ochib ko‘rgan xotinim bilan qonuniy ajrashib, shaharlik o‘sha ayolga uylandim. Topgan-tutganimni yig‘ib, yetmaganiga qarz ko‘tarib, bir xonali uy sotib oldim. Toshkent shahrida doimiy yashash uchun ro‘yxatim bo‘lmagani bois uyni yangi xotinimning nomiga rasmiylashtirdik. Mana, ikki yildirki, ko‘chada sarson-sargardon uysiz, oilasiz yuribman. Ikkinchi xotinimning qarindosh-urug‘lari uyni sotib, pulini zarur ehtiyojlari uchun sarflab yuborishdi. Men esa burnimni tishlab qolaverdim.

– Yoshim 60 da, Surxondaryo viloyatidan kelganman, – deydi Muhammadsoli Usmonov. – Uch farzandim, besh nafar nevaram bor. To‘g‘risini aytsam, shu yoshda nevaram tengi yigitlar bilan arava tortib yurganimdan afsuslanaman. Lekin yashash uchun harakat qilish kerak. Ayrim mijozlar yoshimni hurmat qilib, xizmatimdan foydalanishsa, ba’zilar bu odam ishga yaramaydi, deb voz kechishadi. Og‘ir yuk tortish zarur bo‘lib qolsa, yoshlardan iltimos qilaman, yordam berishadi. Uyga 3-4 oyda boraman. Kenjato­yimni uylantirishim kerak. Qo‘yliq bozorida narx-navolar ham, aravakash xizmati ham boshqa bozorlarga qaraganda ancha arzon. Masalan, mijoz bilan 1-2 soat aylanib yurishimiz uchun 10 ming so‘m haq olamiz. Bir kunlik patta pulimiz 18.700 so‘m. Yeb-ichish, ijara haqidan tashqari, kuniga 30-40 ming so‘m kassa qilamiz. Har oy uyga 1 million so‘m jo‘natib turaman. Jon deb qishlog‘imda ishlardim, biroq bunaqa pul beradigan vallomat yo‘q.

10 MILLION SO‘M BILAN UYGA QAYTIShDI
– Omborimizda 144 ta arava bor, – deydi Qo‘yliq dehqon bozori xizmat ko‘rsatish bo‘limining arava xizmati nazoratchisi Bahrom Oqilxo‘jayev. – Bular asosan xo‘jaliklarga xizmat qiladigan arava turiga kiradi. Bizga murojaat qilgan ishchilar tuman bandlik bo‘limidan ishlashga ruxsatnoma olib kelishadi. Ishchilarning qandayligini 2-3 kunda bilib olaman. Kayfu-safoga berilgan bo‘lsa, darrov sezilib qoladi. Bundaylar bilan ishlashda hushyor bo‘lamiz. Ilgari asosan viloyatlardan kelib ishlardi. Hozir Toshkent viloyatida yashovchi ellikka yaqin erkak shu yerda tirikchilik qilyapti. Hatto koreys millatiga mansub ishchilar ham bor. Ayrim yigitlar kunlik topgan pullarini menga berib qo‘yishadi. Yig‘ib, uyga ketayotganlarida qo‘llariga topshiraman. Mana, yaqinda surxondaryolik aka-ukalar uch oyda 10 million so‘m ishlab ketishdi.

OLTI OY PUL YuBORMAGAN
– Bizning bozorimizda 20 ta arava bor, – deydi Oloy dehqon bozori arava xizmati nazoratchisi Abduvohid Rahmatqulov. – Bu yerga ishga kelganimda aravakashlarning kiyinishlari, o‘zlarini tutishlarini ko‘rib, xursand bo‘lganman. Ishchilarning aksariyati viloyatdan. “Patta puli 12-15 ming so‘m atrofida bo‘lsa, yaxshiydi”, deyishadi. Toshkent shahar hokimining 2017 yil 20 apreldagi “Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatining yangi miqdorlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bir kunlik narx belgilangan. Gohida farzandi kollejda o‘qiyotgan ota-onalar: “Yangi yil yaqinlashyapti, uch-to‘rt so‘m ishlab olsin”, deb iltimos qilishadi. Lekin voyaga yetmagan bolalarning ishlashiga rozi bo‘lmayman. O‘quvchimi, o‘qishiga borsin. Darsini qilsin. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, aravakashlar orasida mas’uliyatni his qilmaydigan, bola-chaqa, oilasini unutib, o‘zi uchun yashaydiganlari ham bor. O‘tgan yili bir ishchining xotini janjal qilib keldi. Olti oydan buyon uyiga pul yubormas, xabar ham olmas ekan. Ichki ishlar xodimlari bilan birga tushuntirish ishlarini olib borganimizdan so‘ng darrov o‘zini yig‘ishtirib oldi.

IShIMDAN UYaLAMAN
– Men Surxondaryo viloyatidanman, – deydi Erali Ibragimov. – Yoshim 20 da. Poytaxtga oliy o‘quv yurtiga kirish niyatida kelganman. Omadim chopmay turibdi. Uydagilarga og‘irligim tushmasin, deb arava tortayapman. Ishdan keyin sport zaliga borib, taekvando bilan shug‘ullanaman. Bir oyda 1 million so‘m topaman. Ertalab 7.00 dan ish boshlayman. Kuniga 3 mahal ovqat uchun 18 ming, pattaga 18.700, uyning bir oylik ijarasiga 250 ming so‘m sarflayman. Xarajatlardan orttirib, uyga pul yuboraman. Butun umr arava tortib yashash niyatim yo‘q. To‘g‘ri, halol ish, shuning orqasidan non topayapman, ammo bu ishdan uyalaman. Ba’zida tanishlarimni bozorda ko‘rib qolsam, berkinib olaman.

– Balansimizda 140 ta arava bo‘lib, Toshkent shahri hamda viloyatlardan kelgan 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolarni bir martalik ish bilan ta’minlaymiz, – deydi “Eski jo‘va” (Chorsu) dehqon bozori arava xizmati mutaxassisi Toyir Sharipov. – Bizga ishga kelgan yigitlarning nomiga “Shaxsiy tibbiyot kitobchasi” ochilgan bo‘lishi hamda tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ishlashga ruxsatnoma berilishi shart. Bozorning umumiy maydoni 19 gektarni tashkil qiladi. Aravakashlar asosan go‘sht, sut, non bozorida ishlaydi. Aravalar raqamlangan va har biri mahsulot turiga qarab xizmat ko‘rsatadi. Agar mijoz ishchini yo‘qotib qo‘ysa, raqam orqali topib beramiz. Ishchilar “Arava xizmati” nimchasi bilan ta’minlangan. Ertalab soat 6.00 da ish boshlashadi. Ularning aksariyati 20-25 yoshli yigitlar. Asosan Qashqadaryo viloyatidan kelgan. Ota-onasining bag‘ridan uzoqda yashashadi. Ularning soch-soqolini olib, ozoda kiyinishini ham nazorat qilamiz. Shuningdek, har xil diniy oqimlarga qo‘shilib ketmasin, kayf-safoga berilmasin, degan maqsadda ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazib turamiz.

FARZANDLAR UChUN IShLAYMIZ
– Bolalarimni sog‘insam, taksiga o‘tiramanu, uyga shoshaman, – deydi to‘rt farzandning otasi qashqadaryolik Pirimqul Bobonazarov. – Yuborgan pullarimni xotinim behuda sarflamay, joy-joyiga ishlatadi. O‘rtamizda ishonch bor. Bu tomondan xotirjamman. Topgan pulini faqat kayf-safoga ishlatib yuradigan, bola-chaqasini unutgan otalar ham bor. Ammo ikki-uchta farzandini shu ish orqali oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qitayotgan tanishlarim ham ko‘p. Odam bugungi kunini emas, kelajakni o‘ylab yashashi, harakat qilishi zarur. Bolalarim, oilam davrasida yashagim keladi. Ammo bugun harakat qilishim, bolalarim uchun sharoit yaratishim shartligini his etaman. Ular ham men kabi arava sudrab yashashlarini istamayman.

- Ba’zida ishlashdan, atrofdagi muammolardan, odamlarning munosabatidan charchaydi odam, – deydi qashqadaryolik 25 yoshli To‘lqin Rasulov, – Shunday paytda ba’zi bir yoshlar alamini ichkilikdan oladi. Men esa ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib, ularning ovozini eshitsam, hovurim bosiladi. Onam: “Bolam ozgina sabr qil, bu qiyinchiliklar vaqtinchalik, o‘tib ketadi. Sharoit shuni taqozo qilib qoldi”, deya ovutadi. Akamning topganini yangi uy qurishga, menikini esa ro‘zg‘orga sarflashadi. O‘z uyim, yaqinlarim bag‘rida bo‘lmasam-da o‘z vatanimda yashayotganim meni quvontiradi.

Men suhbatda bo‘lgan ishchilar turli viloyatlardan kelgan. Ular orasida egni yupun, oyog‘iga yengil shippak kiyib olganlari ham bor. Mijozlar bilan chiroyli muomala qilayotgan, ozoda kiyinib, hushyor, ruhi tetik holda ishlayotgan yigitlarni ham ko‘rdim. Demak, bugun va ertaga qanday yashash insonning o‘ziga bog‘liq. Bobolarimiz aytganidek, kasb-hunarning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Muhimi, uning ortidan keladigan daromad halol bo‘lsin.
Nigora Rahmonova

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Po‘sht, arava... yoxud bozorda arava tortib yurgan kishilar hayoti haqida