20:58 / 02.12.2017
7 739

Shavkat Mirziyoyev «Toshkent» xalqaro aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminali loyihasi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev «Toshkent» xalqaro aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminali loyihasi bilan tanishdi
Davlatimiz rahbari 2 dekabr kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 16 maydagi qaroriga muvofiq bu yerda «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda yangi inshoot loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari takomillashtirildi.

Loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning bank va jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi xalqaro aeroportda soatiga 1 ming 500 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Prezident mablag‘lardan samarali foydalanish, qurilish ishlarini boshlash uchun hududni tayyorlash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Davlat rahbari xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishdi, qayta qurilayotgan kutish zalini ham borib ko‘rdi. Bu yerda zamonaviy mehmonxona qurish, axborot texnologiyalari asosida zamonaviy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Aeroport O‘zbekistonning ostonasi. Shu bois bu yerda mehmonlar uchun barcha sharoit va qulayliklar bo‘lishi kerak, dedi prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev «Toshkent» xalqaro aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminali loyihasi bilan tanishdi